Rossiyadan ayblov: Gaz quvurlaridagi portlashda Britaniyaning “qo‘li bor”
Olam
−
29 Oktabr 2022
8575Ukraina Qurolli Kuchlari Dengiz operatsiyalari bo‘yicha 73-maxsus markazi harbiylarini Sevastopoldagi teraktga tayyorlayotgan Britaniya harbiy-dengiz kuchlari mutaxassislari “Shimoliy oqim” gaz quvurlarini portlatishda qatnashgan. Bugun, 29 oktyabr kuni Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi shunday iddao bilan chiqdi.
“Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, Britaniya harbiy-dengiz kuchlarining ushbu bo‘linmasi vakillari joriy yilning 26 sentyabr kuni Boltiq dengizida “Shimoliy oqim” va “Shimoliy oqim 2” gaz quvurlarini buzish maqsadida terrorchilik harakatini rejalashtirish, ta’minlash va amalga oshirishda ishtirok etgan”, deya Britaniyani ayblagan Rossiya.
Rossiya Mudofaa vazirligining isbot keltirilmagan ma’lumotlariga ko‘ra, teraktga tayyorgarlik ko‘rish va ukrainalik harbiylarning 73-Dengiz operatsiyalari maxsus markazining mashg‘ulotlari Nikolayev viloyatining Ochakov shahrida britaniyalik mutaxassislar rahbarligida o‘tkazilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 26 sentyabr kuni bir necha soat ichida “Shimoliy oqim” va “Shimoliy oqim-2”ga quvurida to‘rtta gaz sizish nuqtasi aniqlandi. Ulardan birinchisi Daniyaning Bornxolm oroli yaqinidagi “Shimoliy oqim-2”da aniqlangan. Keyin “Shimoliy oqim”da ikkita sizish qayd etildi. Daniya energetika agentligi dengizga katta miqdorda gaz tushgani haqida xabar berdi. So‘nggi to‘rtinchi sizish nuqtasi Shvetsiya hududida topildi. Samolyotlar va kemalarning hodisa sodir bo‘lgan joyga besh dengiz milidan yaqinroq kelishi taqiqlandi.
Yevropa Ittifoqi rasmiylari “Shimoliy oqim”ga ataylab zarar yetkazilganini aytmoqda. Shvetsiya va Daniyadagi seysmologik stansiyalar gaz sizib chiqqan hududda suv osti portlashlarini qayd etgan.
Hodisalarni Germaniya, Daniya va Shvetsiya tekshirmoqda. Nemis maxfiy xizmatlari bu g‘avvos yoki suv osti kemasidan foydalangan holda sabotaj bo‘lgan deb gumon qilmoqda. Ularning fikricha, gaz quvurlari tezda ta’mirlanmasa, ular abadiy yaroqsiz holga kelishi mumkin.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin esa “Shimoliy oqim”lardagi nosozlikni “angl-sakslar” qasddan uyushtirganini aytib chiqdi. Ammo angl-sakslar deganda kimni nazarda tutayotganini aniq aytmadi.
LiveBarchasi