Tezkor: Rossiyadagi O‘zbekiston fuqarolari majburan urushga jo‘natilishi mumkin

Olam

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Rossiya Ichki ishlar vazirining joriy yilning 22 sentyabr kuni qabul qilingan, mamlakatda vaqtincha bo‘lib turgan O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston fuqarolarini armiyaga safarbar etishni tashkillashtirish to‘g‘risidagi buyrug‘i ekani aytilayotgan hujjat surati tarqaldi.

Buyruqqa ko‘ra O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston respublikalari fuqarolarini 2022 yil 1 noyabrdan boshlab majburiy tarzda Rossiya Federatsiyasi Qurolli Kuchlari tarkibiga jalb etish kerakligi ko‘rsatilgan.

Agarda ular harbiy xizmatga borishdan bosh tortsa, chaqiriq qog‘ozini qabul qilmasa, ularga ishlash uchun berilgan ruxsatnomani bekor qilish va 5 yil muddatga Rossiyaga kirishini taqiqlab, deport qilish buyurilgan.

Hujjatda xorijiy fuqarolardan 75 000 nafarini harbiy xizmatga olish bo‘yicha ko‘rsatma berilgan.

“Sputnik Qirg‘iziston” nashrining Bishkekdagi Rossiya elchixonasiga tayanib, yozishicha, bu xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.

“Biz Rossiyadagi chet el fuqarolarini, jumladan qirg‘izistonliklarni ham turli provokatsiyalarga berilmaslikka va faqat rasmiy ma’lumotlarga e’tibor qaratishga chaqiramiz”, deyiladi elchixona xabarida.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya prezidenti huzuridagi Inson huquqlari bo‘yicha kengash a’zosi Kiril Kabanov oxirgi 10 yilda Rossiya fuqaroligini olgan markaziy osiyoliklarni ham urushga safarbar qilish imkoniyatlari ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qilgandi.

Qayd etish kerakki, Rossiyada mehnat migrantlarini faol ravishda urushga tortish kampaniyasi olib borilmoqda. Buning uchun, hatto Prezident Vladimir Putin chet elliklarga harbiy xizmatga borish evaziga fuqarolik berishni osonlashtirish haqidagi qonunni ham imzoladi. Shuningdek, mamlakatdagi migratsiya markazlarida muhojirlarga turli tillarda urushga borishning foydasi, beriladigan imtiyozlar haqida varaqalar tarqatilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

2342

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing