Rossiyadagi saylovlarda g‘olib chiqqan asli o‘zbekistonlik nomzod to‘rt kunda mandatini topshirdi

Olam

image

Rossiyaning Moskva viloyatida o‘tkazilgan deputatlik saylovlarida “Yagona Rossiya” (Yedinaya Rossiya) partiyasidan Pushkino munitsipal kengashiga deputat etib saylangan asli o‘zbekistonlik Bahromjon Hasanov g‘alabasidan to‘rt kun o‘tib mandatidan voz kechdi.  Bu haqda partiya matbuot xizmati xabar berdi.

Bahromjon Hasanov deputatlikka saylanganidan keyin internetda millatchilar bosimiga uchragan. Partiya e’lon qilgan xabarga tayanilsa, Hasanov o‘z ixtiyoriga ko‘ra iste’foga chiqqan va Pushkino deputatlar kengashi saylovdan keyingi ilk yig‘ilishda uning vakolatlarini tugatish haqidagi so‘rovini qo‘llab-quvvatlagan. Davlat Dumasining axboriy siyosat bo‘yicha qo‘mitasi rahbari Aleksandr Xinshteyn Hasanov deputatlik vakolatlarini “ixtiyoriy-majburiy” tarzda topshirgani haqida aytgan.

“Odamlarning noroziligiga sobiq migrant deputat bo‘lganining o‘zi emas, u maxsus harbiy amaliyot ishtirokchilarini aldashda ayblanayotgani ham sabab bo‘lmoqda. Men xursandman. Bunday deputatlar bizga kerak emas”, deb yozgan Xinshteyn Telegram sahifasida.

Xinshteynning yozishicha, Hasanov harbiylarga buzuq mashina sovg‘a qilgan, ular unga ta’mirlash uchun 70 ming rubl berganida esa mashinani ta’mirlab bermagan. Mashina ta’mirlanishi borasida keltirilgan ushbu jumlalar “Sargrad” maqolasidan o‘rin olgan bo‘lib, maqola “Rus hamjamiyati” millatchilik tashkiloti faollarining so‘zlari asosida yozilgan. Unda Hasanovni “yangi rus” va “quyoshli respublikadan kelgan ayyor fuqaro” kabi so‘zlar bilan atashgan.

Ma’lumot uchun, Bahromjon Hasanov 1980 yilda O‘zbekistonda tug‘ilgan. 17 yoshigacha Tojikistonda yashagan, keyin Moskva yaqinidagi Pushkino shahriga ko‘chib borgan. U 2018 yilda Rossiya fuqaroligini olgan. Avvalroq u Rossiya qo‘shini Ukrainaga keng ko‘lamli bosqin boshlaganidan keyin harbiy harakatlar hududiga borgani va rossiyalik harbiy xizmatchilarga yordam ko‘rsatgani haqida aytgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyada deputatni kaltaklagan o‘zbekistonlik qo‘lga olingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Moskva saylov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing