Rossiyadagi inflyatsiya O‘zbekistonda narxlarga qanday ta’sir qilishi ma’lum bo‘ldi

Jamiyat

image

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari Rossiyadagi inflyatsiyaning O‘zbekistondagi inflyatsiyaga ta’sirini tahlil qilishdi.

Ekspertlar fikricha, Rossiya O‘zbekistonning asosiy savdo hamkorlaridan biri hisoblanadi. O‘zbekiston tashqi savdosining qariyb 18 foizi Rossiyaning hissasiga to‘g‘ri keladi. Rossiyadagi inflyatsiya natijasida mamlakat import qilinadigan tovarlar va xizmatlar narxining qimmatlashishi O‘zbekistondagi inflyatsiya darajasiga ta’sir ko‘rsatadi.

2021 yilda O‘zbekistonda inflyatsiya darajasi 10 foizni tashkil qildi. Bunda Rossiyada inflyatsiya darajasi (2021 yilda 6,7 foiz) O‘zbekistonda inflyatsiyaning 0,78 foiz bandga oshishiga sabab bo‘lgan. Bundan tashqari, Rossiyadan import qilinadigan xomashyo tovarlari narxlari o‘sishi O‘zbekistondagi ishlab chiqarish xarajatlarining 0,6 foiz bandga oshishiga olib kelgan (tarmoqlararo o‘zaro ta’sirlardan tashqari to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir hisobga olingan).

Shuningdek, Turkiyadan farqli ravishda (Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilda turk lirasining devalvatsiyasi 60,4 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda), bu yil rubl qadrining zaiflashishi (devalvatsiyasi) emas, balki uning mustahkamlanishi kutilmoqda. Yil davomida rublning AQSH dollariga nisbatan kursi 74,29 rubldan 60,20 rublgacha mustahkamlandi. Bunday sharoitda Rossiyadagi inflyatsiya darajasi O‘zbekistonda narxlar barqarorligiga Turkiyadagi narxlarning ko‘tarilishiga qaraganda ko‘proq bosim ko‘rsatadi.

Qayd etilishicha, 2022 yilda Rossiyada rubl qadrining 28,4 foizga ortishi hamda inflyatsiya darajasining 21,3 foizga yetishi kutilayotganligini hisobga olinsa, Rossiya tovarlari jahon bozoriga 69,41 foiz qimmatroq chiqishi mumkin (Turkiyada – 1,8 foiz). Buning oqibatida 2022 yilda Rossiyada narxlar oshishining O‘zbekistonga ta’siri 6 foiz punktgacha yetishi mumkin. Bu xavfning sababi, shuningdek, O‘zbekistonning umumiy importida Rossiyaning ulushi (2021 yilda 21,4 foiz) Turkiyaning ulushi (6,7 foiz) ga qaraganda ancha yuqori ekanligi bilan bog‘liq.

“Bu omil inflyatsiyani tezlashtirishdan tashqari, Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi tashqi savdo balansiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi, shusiz ham muvozanatlashmagan to‘lov balansini yanada kuchaytirishi ehtimoldan yiroq emas. Bu esa o‘z navbatida milliy valyuta barqarorligiga qo‘shimcha ta’sirni yuzaga keltiradi. 

Masalan, 2021 yilda O‘zbekiston Rossiyadan umumiy qiymati 5,46 milliard AQSH dollariga teng mahsulot import qilgan. Bu 2021 yil kursi bo‘yicha. 402,5 milliard rublga teng. Importning hajmi va tarkibi o‘zgarishsiz qolishi taxmin qilinsa, bugungi kunda mazkur import 8 mlrd AQSH dollariga aylanadi. Eksport o‘zgarmasdan qolsa, savdo balansi yomonlashishi mumkin”, deyiladi institut tahlilida.

Ma’lumot o‘rnida, 2022 yil 1 yarim yillik yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonning Rossiyadan importi 2,85 mlrd dollarni tashkil etgan bo‘lsa, eksport hajmi 1,22 mlrd dollarga yetdi (defitsit – 1,63 mlrd dollar).

Ta’kidlanishicha, Rossiyada narxlarning oshishi tufayli O‘zbekistonda tannarx inflyatsiyasining o‘sishi birinchi navbatda Rossiyadan xomashyo va oraliq mahsulotlarni import qiluvchilarga ta’sir qiladi. Boz ustiga, kompaniyalar  ushbu hisob-kitoblardan yanada maqbulroq qisqa va o‘rta muddatli qarorlarni qabul qilishda foydalanishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

inflyatsiya

Baholaganlar

104

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing