Rossiyada o‘zbekistonlik taksichi 5 yilga qamaldi
Olam
−
14:47 3018 1 daqiqa
Rossiyaning Vladivostok shahrida erkakni beysbol tayoqchasi bilan urib, og‘ir jarohat yetkazgan O‘zbekiston fuqarosi 5 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Bu haqda “Glavniye Novosti” xabar berdi.
Qayd etilishicha, hodisa 2025 yil noyabr oyida sodir bo‘lgan. Taksi haydovchisi bo‘lib ishlagan 18 yoshli yigit yo‘lovchi bilan janjallashib qolgan. Sud materiallariga ko‘ra, u avtomobil yukxonasidan beysbol tayoqchasini olib, erkakning bosh qismiga kamida uch marta zarba bergan. Oqibatda jabrlanuvchi og‘ir tan jarohatlari, jumladan, ochiq bosh miya jarohatini olgan va shifoxonaga yotqizilgan.
Voqeadan keyin haydovchi Primore o‘lkasidan qochib ketgan. Biroq huquq-tartibot organlari uni Kemerovo viloyatida qo‘lga olib, Vladivostokka qaytargan.
Sud O‘zbekiston fuqarosini qasddan og‘ir tan jarohati yetkazishda aybdor deb topib, uni umumiy tartibli koloniyada 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilgan. Shuningdek, u jabrlanuvchiga ma’naviy zarar uchun 1 million rubl tovon puli to‘lashi belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning Ogayo shtatida 42 yoshli o‘zbekistonlik yuk mashina haydovchisi Behzod Asrorov avtohalokat oqibatida kollej futbolchisi bo‘lgan 21 yoshli Tobias Forsaytning o‘limiga sabab bo‘lgandi.
Live
Barchasi