Rossiyada o‘zbekistonlik mahkumlar Ukrainaga urushga borishga majburlanmoqda
Olam
−
14 Oktabr
9488Rossiya qamoqxonalaridagi koloniya xodimlari jazo muddatini o‘tayotgan markaziy osiyoliklarni, ya’ni tojikistonliklar va o‘zbekistonliklarni Ukrainaga qarshi urushda qatnashish uchun shartnoma imzolashga majburlayapti. Bu haqda “Nastoyaeye vremya” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, tahririyat bilan tojikistonlik Jovid aloqaga chiqqan. U 32 yoshda bo‘lib, Rossiya qamoqxonasida jazo o‘tamoqda. Unga yetti yil muddat berilgan va shuning yetti oyi qolgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, tojikistonlik va o‘zbekistonlik mahbuslar og‘ir vaziyatda. Ular urushga borishni istamayapti, ammo hozirgi sharoitda koloniyada bo‘lish ham mumkin emas.
“Odamlar nima qilishni bilmayapti. Ular urushga borgandan ko‘ra o‘zimizni o‘ldirganimiz yaxshi deyapti. Agar shartnoma imzolamasang, jazo izolyatoriga qo‘yishadi. Agar Tojikiston fuqaroligidan chiqish haqida ariza yozsang, bu ariza Tojikistonga yuboriladi. Shundan keyin kerakli hujjatlar rasmiylashtiriladi va seni urushga yuborishadi”, deydi mahkum.
Nashrga ko‘ra, Jovid nechta mahkum shartnoma imzolaganini bilmaydi, ammo o‘zi va tanishlari Tojikiston fuqaroligidan voz kechishni xohlamasliklarini aytib, qo‘shimcha bosim ostida qolmoqda. Uning ta’kidlashicha, ayniqsa, jazo muddati tugashi yaqinlashib kelayotganlar alohida bosimga uchrayapti.
Qayd etilishicha, yaqinda koloniyadagi migrant mahbuslar guruhi tahririyatga yozgan maktubida muassasada Tojikiston va O‘zbekiston fuqaroligiga ega bo‘lgan taxminan 400 kishi saqlanayotganini ta’kidlagan. Ularning aytishicha, koloniya xodimlari ular bilan qo‘pol muomala qilmoqda, xususan, ular diniy mansubligi uchun haqoratga uchrayapti. Qolgan mahbuslar esa migrantlarni do‘pposlashga chaqirilmoqda. Koloniya xodimlariga bo‘ysunmaganlarga Ukrainaga urushga yuborish bilan tahdid qilinmoqda.
“Ular xohlagan odamni urushga yuborishlarini aytyapti. O‘z xohishing bilan borsang, yaxshi joylarga tushasan, majburiy ravishda ketsang frontga. U yerda tirik qolish imkoni yo‘q”, deb yozgan migrantlar.
Ma’lumot uchun, Rossiya Davlat dumasi 2023 yil mart oyida Mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzgan shaxslarni jinoiy javobgarlikdan ozod qilish, jazo berish va sudlanishni bekor qilish to‘g‘risida qonun qabul qilgan. Bu qonun kuchga kirishidan biroz avval urushga borishga rozi bo‘lgan mahbuslar Rossiya Prezidenti Vladimir Putin tomonidan afv etilmagan. Endi esa ularga “shartli ozodlik” berilmoqda va Mudofaa vazirligi bilan shartnomalari avtomatik ravishda uzaytirilmoqda. Bu ularni urush yakunigacha jangovar hududlarni tark etish imkonidan mahrum qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyada Ukrainadagi urushda qatnashgan o‘zbekistonlik Oybek Soliyevga nisbatan qurolli bezorilik ayblovi bilan sud majlisi boshlangan edi.
LiveBarchasi