Rossiyada o‘quvchi o‘qituvchisini pichoqlab o‘ldirdi
Olam
−
17:09 2702 4 daqiqa
Bugun, 7 aprel kuni Rossiyada yil boshidan beri ikkinchi marta o‘quvchi o‘qituvchiga pichoq bilan hujum qildi. Perm o‘lkasida sodir bo‘lgan hodisa oqibatida o‘qituvchi halok bo‘ldi. Bu haqda viloyat rahbari Dmitriy Maxonin o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, Perm o‘lkasining Dobryanka shahrida 5-maktabning 17 yoshli o‘quvchisi o‘qituvchiga pichoq bilan hujum qilgan. Pedagog og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan va unga yordam ko‘rsatish uchun Perm shahridan shifokorlar brigadasi yuborilgan.
“Biroq uning hayotini saqlab qolishning imkoni bo‘lmadi”, deb yozgan gubernator.
Halok bo‘lgan ayol 55 yoshda bo‘lib, u rus tili va adabiyoti fanidan dars bergan. “Shot”ga ko‘ra, u hujum qilgan o‘smirning sinf rahbari ham bo‘lgan. O‘quvchining o‘qituvchiga nisbatan shaxsiy adovati bo‘lgani aytilmoqda.
Bildirilishicha, maktabda “Salomatlik kuni” tadbiri o‘tkazilayotgan bo‘lgan. Ertalab maktab hovlisida umumiy badantarbiya mashqlari rejalashtirilgan bo‘lib, bolalar saf tortishni boshlagan. O‘smir o‘qituvchini maktab kirish qismida kutib olib, unga bir necha bor pichoq bilan zarba bergan. Hududiy ichki ishlar organlari gumonlanuvchining qo‘lga olinganini ma’lum qilgan.
Ma’lumot uchun, bu yil boshidan beri Rossiyada o‘quvchining o‘qituvchiga pichoq bilan hujum qilishi bilan bog‘liq ikkinchi holat hisoblanadi. Avvalgi voqea joriy yilning 3 fevral kuni Krasnoyarsk o‘lkasidagi 4-maktabda sodir bo‘lgan bo‘lib, unda 14 yoshli o‘quvchi qiz o‘qituvchiga pichoq bilan hujum qilishga uringan. Oqibatda uning sinfdoshi jarohat olgan edi.
Qobiljon fojiasi
Eslatib o‘tamiz, 16 dekabr kuni ertalab 15 yoshli to‘qqizinchi sinf o‘quvchisi maktabga pichoq bilan bostirib kirdi. U avvaliga sinfxonalarga kirib, o‘zi uchun o‘lja qidirgan. Uni payqagan maktab qo‘riqchisiga qarata ko‘zni achishtiruvchi gaz purkagan va uni pichoqlagan. Shundan keyin u shu maktabning 4-sinf o‘quvchisi – tojikistonlik migrant oila bolasi Qobiljon Aliyevni pichoqlab o‘ldirgan.
Tergov qo‘mitasi Rossiya Jinoyat kodeksining 105-moddasi (qotillik) va Rossiya Jinoyat kodeksining 30-moddasi 3-qismi, 105-moddasi 2-qismi (ikki yoki undan ortiq odamni o‘ldirishga urinish) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Tergov qo‘mitasi hibsga olingan 15 yoshli o‘smir so‘roq paytida aybini tan olganini, jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va tafsilotlarni ham bayon qilganini ma’lum qildi.
Hujumni uyushtirgan 15 yoshli Timofey K. ismli bola qo‘lga olingach, uning telefonidagi galereyada selfilar va halok bo‘lgan maktab o‘quvchisining surati aniqlangan. Shuningdek, o‘smir ekstremistik iqtiboslar va o‘ng radikal tashkilotlar nomlari bilan bezatilgan o‘z kaskasini ham suratga olgan. Xususan, kaskada “Sygaown” so‘zi yozilgan bo‘lib, bu 2022 yilda AQSHda sodir etilgan ommaviy otishmaga ishora hisoblanadi.
17 dekabr kuni Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi Odinsovoning Gorki-2 qishlog‘idagi Uspenskiy o‘rta maktabida to‘rtinchi sinf o‘quvchisining o‘ldirilishini qoraladi. Vazirlik respublika fuqarosi bo‘lgan bolaning o‘limi munosabati bilan hamdardlik bildirdi.
Shuningdek, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi ham Tojikistonga va Moskva viloyatining Odinsovo shahridagi maktabda halok bo‘lgan bolaning oilasiga hamdardlik bildirdi. Tashqi ishlar vazirligi fojianing barcha holatlarini aniqlash va tergov o‘tkazish uchun Moskvadagi Tojikiston elchixonasiga zudlik bilan yordam taklif qildi.
Rossiya Xavfsizlik Kengashi kotibi Sergey Shoygu Tojikiston Xavfsizlik Kengashi kotibi Yusuf Rahmon bilan telefon orqali muloqot qilib, huquqni muhofaza qilish organlari jinoyat holatlarini xolis tekshirish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solayotganini bildirdi.
18 dekabr kuni ertalab Tojikistondagi uyiga olib kelindi va Shahrinav tumanidagi qabristonga, otasining qabri yoniga dafn etildi.
Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasi ushbu qotillik bo‘yicha 15 yoshli Rossiya fuqarosini qo‘lga olib, unga nisbatan “qotillik” va “qotillikka suiqasd” moddalariga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan. Sud qaroriga ko‘ra, gumonlanuvchi ikki oy muddatga dastlabki qamoqqa olindi.
22 dekabr kuni Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi rahbarlarining norasmiy uchrashuvi chog‘ida Rossiya yetakchisi Vladimir Putin Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmonga tojikistonlik maktab o‘quvchisining o‘ldirilishi ortidan hamdardlik bildirdi va aybdorlar albatta jazolanishini va’da qildi.
Shahzoda Shukurullayeva
Live
Barchasi