Rossiyada tug‘ilish darajasi keskin kamaydi
Olam
−
03 fevral
9945Rossiya o‘zining yaqin tarixidagi yeng katta demografik inqirozga yuz tutmoqda, tug‘ilishning keskin kamayishi ko‘plab rossiyaliklarning noaniq iqtisodiy va siyosiy vaziyatda oila qurishdan qo‘rqishini aks ettiradi. Bu haqda bir qator tahlilchilarga tayanib, "Amerika ovozi" ma’lum qildi.
O‘n yil oldin Rossiyada har yili ikki million bola tug‘ilgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yilda bor-yo‘g‘i bir million ikki yuz ming bola tug‘ilgan, bu 1991 yilda Sovet Ittifoqi parchalanganidan beri eng past ko‘rsatkichdir.
"Umuman olganda, Rossiyada iqtisodiy ahvol yomonlashdi, odamlar yomon yashay boshladi, bolalarni tarbiyalash uchun esa kelajakka bo‘lgan ishonch kerak", deydi sotsiolog Anton Orex’.
Qayd etilishicha, rossiyaliklarning kelajakka nisbatan pessimistlashib borishi, Moskvaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi bilan bog‘lanmoqda.
“Kreml Rossiyadagi demografik inqiroz haqidagi xabarlarni tarqatishni istamaydi. Ammo mustaqil muxbirlar va tahlilchilar Ukrainaning ishg‘ol qilinishini muhim omil sifatida ko‘rsatmoqda”, deyiladi nashr xabarida.
Farmatsevtika bozori tahlilchilari esa urush boshlanganidan keyin 2022 yildan boshlab Rossiyada abort tabletkalariga talab 60 foizga oshishini aytmoqda.
Xalqaro tadqiqotchi jurnalistlar konsorsiumi a’zosi va tashqi siyosat sharhlovchisi Galina Sidorovaga ko‘ra, eng katta sabab – bu urush.
“Bu aslida eng muhim sabab va katta ehtimol bilan janob Putinning Rossiyaga, bu davlatga va uning xalqiga qarshi qilgan katta jinoyatidir", degan u.
Ta’kidlanishicha, tug‘ilish darajasining pasayishi rasmiylarni oilalarga yordam berish rejalarini ishlab chiqishga undadi. Shu bilan birga, Rossiyaning bir qancha mintaqalarida xususiy klinikalarda abort qilish ham taqiqlangan.
Kreml ham o‘z navbatida katta oilalarni rag‘batlantirish strategiyasini boshlab yuborgan. Misol uchun, Vladimir Putin Butunjahon rus xalqi kengashining yalpi majlisida videokonferensiya orqali qilgan ma’ruzasida shunday degan edi:
"Bir paytlar rus oilalari qanday bo‘lganini eslang. Bobo-buvilarimiz yetti-sakkiz, hatto undan ham ko‘proq farzand ko‘rishgan. Kelinglar, qaytib yana o‘sha buyuk an’analarni targ‘ib qilaylik".
Ba’zi kuzatuvchilarga ko‘ra, Rossiya urushda ekan, bu konservativ shiorlar tug‘ilish darajasini oshirishga hech qanday yordam bermaydi.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yil Rossiyada XIX asr boshidan beri tug‘ilish bo‘yicha eng yomon yil bo‘lyapti.
Ayni paytda, G‘arb razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina frontida 40 mingdan ortiq rus askari halok bo‘lgan. Tahlilchilarning fikricha, bu raqam Rossiyaning aholi sonini ko‘paytirish borasidagi sa’y-harakatlari uchun yaxshi natija bermaydi.
Eslatib o‘tamiz, 2020 yilda ham Vladimir Putin Rossiyada tug‘ilish ko‘rsatkichi tushib ketganini tanqid qilgan edi.
LiveBarchasi