Rossiyada terrorchilikda ayblangan o‘zbekistonlik 17 yilga ozodlikdan mahrum etildi
Olam
−
04 aprel 2022
7857Rossiyaning Xabarovsk shahridagi Birinchi Sharqiy okrug harbiy sudi Rossiyada taqiqlangan xalqaro terrorchilik tashkiloti a’zosi bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosini 17 yilga ozodlikdan mahrum qildi. Bu haqda TASS xabar berdi.
Qayd etilishicha, muqaddam immigratsiya qonunchiligini buzgani uchun Rossiyadan chiqarib yuborilgan O‘zbekiston fuqarosi yana mamlakatga qaytib kelib, “Katiba Tavhid val-Jihod” terrorchilik guruhiga qo‘shilgan. U ijtimoiy tarmoqda ommaviy kanal tashkil etib, unda terrorchilik faoliyatiga chaqiruvchi va terrorizmni oqlovchi materiallarni joylashtirgan.
Rossiya Federal xavfsizlik xizmatining Xabarovsk o‘lkasi bo‘yicha tergov boshqarmasi uni Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining qator moddalari bo‘yicha aybdor deb topdi va jinoiy ish qo‘zg‘atdi.
“Birinchi Sharqiy okrug harbiy sudining hukmiga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarosi da’vo qilingan jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilib, unga 17 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. U dastlabki 4 yilni qamoqda, qolgan muddatini qattiq rejimli koloniyada o‘tkazadi”, deyiladi xabarda.
LiveBarchasi