Rossiyada terakt uyushtirmoqchi bo‘lgan qirg‘izistonlik sud qilinadi

Olam

image

Moskvada terakt tayyorlash va terrorizmni targ‘ib qilishda ayblanayotgan Qirg‘iziston fuqarosi Talant Onurovga qarshi jinoiy ish sudga yuborildi. Bu haqda TASSga Tergov qo‘mitasining Moskvadagi Bosh tergov boshqarmasi vakili Yuliya Ivanova xabar berdi.

“32 yoshli Talant Onurovga qarshi qo‘zg‘atilgan jinoyat ishining tergovi tugallandi. Tasdiqlangan ayblov xulosasi bilan jinoyat ishi sudga mohiyati bo‘yicha ko‘rib chiqish uchun yuborildi”, deydi Ivanova.

Onurov Internetda terrorizmni targ‘ib qilishning uchta epizodi (Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 205.2-moddasi 2-qismi) va teraktni tayyorlashda ayblangan (Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 30-moddasi 1-qismi, 205-moddasi 1-qismi).

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Onurov 2019 yil sentyabr oyida terakt amalga oshirish uchun Moskvaga kelgan. Bir oy davomida u sheriklarini qidirgan, mashg‘ulot videolarini tomosha qilgan va hujum uchun joy tanlagan. Shuningdek, u Rossiyada taqiqlangan “Islomiy davlat” (ID) xalqaro terroristik tashkiloti mafkurasi va faoliyatini targ‘ib qiluvchi materiallarni bir necha bor ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlarga joylashtirgan.

Huquqni muhofaza qilish organidagi manbaning so‘zlariga ko‘ra, Onurov 2018 yilda “VKontakte” ijtimoiy tarmog‘iga terrorizmni targ‘ib qiluvchi ikkita videofilm joylashtirgan. Boshqa bir epizod 2019 yil iyun oyida o‘zining Telegram kanalida terroristik tashkilotlar, shu jumladan ISHID faoliyatini targ‘ib qiluvchi xabarning nashr etilishi bilan bog‘liq.

Onurov 2019 yil 1 noyabrda FSB Moskva va Moskva viloyati bo‘yicha direksiyasi xodimlari bilan birga tergovchilar tomonidan hibsga olingan. Huquqni muhofaza qilish idoralaridagi manbaning so‘zlariga ko‘ra, u radikal islom tarafdori, bir necha oy davomida odamlar ko‘p bo‘lgan joyda portlashga tayyorlanib, shu maqsadda sheriklarini qidirgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

33

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing