Rossiyada safarbarlikdan bo‘yin tovlaganlik uchun birinchi jinoiy ish qo‘zg‘atildi

Olam

image

Rossiyada safarbarlikdan bo‘yin tovlagan shaxsga nisbatan birinchi jinoiy ish Penza viloyatida qo‘zg‘atildi. Bu haqda “Agora” inson huquqlari tashkiloti rahbari Pavel Chikovga tayanib, TASS nashri ma’lum qildi.

“Gumonlanuvchi OMON kuchlari ko‘magida qo‘lga olindi, u ikki sutkadir vaqtinchalik hibsxonada. U 32 yoshda bo‘lib, harbiy komissarlikka chaqiruv qog‘ozini imzolashdan bosh tortdi”, deydi Chikov.

Gumonlanuvchiga nisbatan  Jinoyat kodeksining 328-moddasi "Harbiy xizmatni o‘tashdan bo‘yin tovlash" bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Ushbu moddada ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutiladi.

“Hozirda hodisaning barcha holatlarini aniqlashga qaratilgan kompleks tergov harakatlari olib borilmoqda”, deyiladi Rossiya Tergov qo‘mitasining viloyatdagi Tergov boshqarmasi xabarida.

Avvalroq, Rossiya sentyabr oyida Jinoyat kodeksning 339-moddasidagi (kasallikni taqlid qilish orqali harbiy xizmat vazifalarini bajarishdan bo‘yin tovlash) jazoni kuchaytirdi. Endilikda bu moddada 5 yildan 15 yilgacha qamoq jazosi nazarda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, 21 sentyabr kuni Rossiya Federatsiyasi prezidenti mamlakatda qisman safarbarlik to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Mudofaa vaziri Sergey Shoyguning so‘zlariga ko‘ra, 300 ming kishi, birinchi navbatda, jangovar tajribaga ega va qo‘shinlar uchun zarur bo‘lgan harbiy ixtisosligi bo‘yicha rezervga chaqiriladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

220

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing