Rossiyada Pavel Durovga qarshi jinoyat ishi ochildi – OAV
Olam
−
24 fevral 4367 2 daqiqa
Rossiyada Telegram asoschisi Pavel Durovga qarshi jinoyat ishi ochildi. Bu haqda “Astra” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, Telegram ma’muriyati Roskomnadzor talablarini bajarmagani va 1 369 kanal, chat va botlarni bolalar pornografiyasi bilan bog‘liq, 3 771 ta narkotiklar bilan, 2 666 ta o‘z joniga qasd qilish bilan, 2 124 ta voyaga yetmaganlarni noqonuniy faoliyatga jalb qilish bilan bog‘liq kanallarni o‘chirmagan. Bundan tashqari, 10,5 mingdan ortiq kanal ekstremizmga chaqiruvlar va “dushmanni moliyalashtirish” bilan bog‘liq ekani, 1 125 kanalda ekstremistik va terroristik tashkilotlar materiallari joylashtirilgani keltirilgan.
Hozirda bu ayblovlar yuzasidan Durovga qarshi Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 205.1-moddasi, 1.1-qismi (terrorchilik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash) bo‘yicha jinoiy ish ochilgan.
Xabarda keltirilishicha, anonim bo‘lish illyuziyasi messenjerga radikallar, narkomanlar, qotillar va terrorchilarni jalb qilgan, bu esa jamiyatda tahdidlar paydo bo‘lishiga olib kelgan.
Rossiya IIV va Federal xavfsizlik xizmati 2022 yildan beri messenjer 153 ming jinoyatda ishtirok etgani, shundan 33 000 tasi sabotaj-terror va ekstremistik yo‘nalishda bo‘lgani haqida ma’lumot bergan. Qolaversa, messenjer orqali sodir etilgan jinoyatlar qatorida “Crocus City Hall”dagi terror hujumi tilga olingan. Ta’kidlanishicha, Ukraina bilan urush sharoitida Telegram “NATO davlatlarining maxsus xizmatlari va Kiyev rejimi”ning asosiy vositasiga aylangan.
Eslatib o‘tamiz, 10 fevraldan boshlab Rossiyada Telegram messenjeri faoliyati qisman cheklana boshlangan edi.
Live
Barchasi