Rossiyada OMON Jaloliddin Ahmadaliyevning konsertiga bostirib kirdi (video)
Olam
−
23 Sentabr 74319 1 daqiqa
Rossiyaning Krasnoyarsk o‘lkasi Yemelyanovskiy tumanida huquq-tartibot idoralari xodimlari “Korona” banket zalida uyushtirilayotgan konsertga bostirib kirdi. Bu haqda “Newslab” xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, Ichki ishlar vazirligining viloyat bosh boshqarmasi, Federal xavfsizlik xizmati va Rossiya Milliy gvardiyasi maxsus bo‘linmalari xodimlari o‘zbekistonlik xonanda Jaloliddin Ahmadaliyev konsert berayotgan ko‘ngilochar maskanda reyd o‘tkazib, 620 nafar mehmonni, jumladan, 210 nafar xorijlikni tintuv qilgan. Bu tintuv Rossiyaga xorijdan borgan chet el fuqarolari va giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan shaxslarni aniqlash maqsadida o‘tkazilgan. Ularda taqiqlangan narsa yoki moddalar topilmagan.
Shunday bo‘lsa-da, 26 nafar xorijlik politsiya bo‘limiga olib ketilgan. Ulardan sakkiz nafari Rossiyada noqonuniy bo‘lgani aniqlangan.
Reyddan so‘ng politsiya xodimlari tomonidan chet el fuqarolari yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar tomonidan Rossiyaga kirish yoki u yerda bo‘lish, shuningdek, immigratsiya qoidalarini buzganlik uchun jami 19 ta ma’muriy bayonnoma tuzilgan. Bundan tashqari, Rossiya Jinoyat kodeksining 322.3-moddasi (chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsni noqonuniy ro‘yxatga olish) bo‘yicha uchta ish to‘plangan. Mazkur holatlar yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Moskva shahrining Naro-Fominskaya ko‘chasidagi hostelda o‘tkazilgan reyd chog‘ida 300 dan ortiq migrant qo‘lga olingandi.
Live
Barchasi