Rossiyada OMON o‘zbekistonlik migrantni kaltaklab o‘ldirgani aytilmoqda
3-sahifa
−
02 yanvar 31078 2 daqiqa
Ijtimoiy tarmoqlarda Rossiyada Samarqanddan bo‘lgan mehnat muhojiri Maxsus maqsadli mobil blok (OMON) tomonidan amalga oshirilgan qiynoq oqibatida vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri matbuot kotibi Ahror Burxonov rasmiy munosabat bildirdi.
Unga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasining Xabarovsk shahrida Samarqand viloyatidan bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosining vafoti bog‘liq holat yuzasidan O‘zbekistonning Vladivostokdagi Bosh konsulxonasi va Migratsiya agentligi ish olib bormoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa 12 dekabr kuni Xabarovsk shahrida sodir bo‘lgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarda maxsus kuchlar xodimlari kafelardan biriga bostirib kirib, u yerda bo‘lgan o‘zbekistonlik fuqarolarga nisbatan zo‘ravonlik qo‘llagani aytiladi. Oqibatda ikki nafar fuqaro og‘ir tan jarohatlari olib, koma holatiga tushgan, ulardan biri bir necha kun o‘tib vafot etgan. Ikkinchi jabrlanuvchi haqidagi ma’lumotlar esa rasman tasdiqlanmagan.
Vafot etgan fuqaro Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumani Jumavoy qishlog‘ida tug‘ilgani bildirilmoqda. Hozircha marhumning jasadi O‘zbekistonga olib kelinmagan.
Tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, Bosh konsulxona marhumning yaqinlari bilan doimiy aloqada bo‘lib, zarur konsullik va amaliy yordam ko‘rsatmoqda. Jasadni Vatanga qaytarish bo‘yicha tegishli ishlar olib borilmoqda.
Shuningdek, hodisa yuzasidan Xabarovsk o‘lkasi Prokuraturasi, tergov boshqarmasi hamda Rossiya TIVning hududiy vakolatxonasiga notalar yuborilib, holatni har tomonlama, xolisona va qonun doirasida o‘rganish so‘ralgan.
Ayni paytda fuqaroning vafot etish sabablari bo‘yicha rasman tasdiqlangan ma’lumot mavjud emas. Tegishli idoralardan aniq ma’lumotlar kelib tushishi bilan jamoatchilikka qo‘shimcha axborot berilishi ma’lum qilindi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Federatsiyasiga vaqtincha ishlash maqsadida borgan O‘zbekiston fuqarosi buyrakda kuzatilgan og‘ir xastalik tufayli vafot etgan edi.
Live
Barchasi