Rossiyada migrantlarning bolalarini nogironlarga tenglashtirish taklif qilindi
Olam
−
22 Oktabr
14801Rossiyaning Sverdlovsk viloyatidagi bola huquqlari bo‘yicha vakil Igor Morokov maktablarda tahsil olayotgan migrant oilalarning farzandlariga nogiron sifatida qarash kerakligini aytdi. Bu haqda u OTB telekanalining “Aksent” dasturiga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Morokov Rossiya maktablarida tahsil olayotgan, ammo rus tilini bilmaydigan o‘quvchilarning mavjudligi bilan bog‘liq muammoga shu tariqa “yechim” borligini ta’kidlagan. Ombudsman bu o‘quvchilar soni kam bo‘lgan sinflarni tashkil etish va o‘qituvchilarga qo‘shimcha haq to‘lash imkonini berishini aytgan.
“Bizda bugungi kunda alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar toifasi mavjud. Bular imkoniyati cheklangan bolalar, nogiron bolalar hisoblanadi. Migrantlarning bolalarini ham shu toifaga kiritish lozim, menimcha”, degan u.
Bola huquqlari bo‘yicha vakil bu migrantlarning farzandlarini alohida, kichikroq sinflarda tilni chuqurroq o‘rganish bilan o‘qitish imkonini berishini ta’kidlagan. Morokov Yekaterinburgda “bu toifadagi o‘quvchilar soni ancha ko‘p bo‘lgan” ikkita maktab borligini aytib, 149-sonli maktabni misol qilib keltirdi. U o‘quvchilarning 90 foizi “migrant bolalar” ekanini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyada migrantlarga oila qurish va ajrashish taqiqlanishi xabar qilingandi. Ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Aleksandr Gorovoy “Kommersant” nashriga bergan intervyusida mamlakatda noqonuniy bo‘lib turgan xorijliklarning reyestri tuzilayotganini ma’lum qilgan. Gorovoyning so‘zlariga ko‘ra, bu reyestrga kiritilganidan keyin migrantlar transport vositalarini boshqarish, bank xizmatlaridan foydalanish, mulkni ro‘yxatga olish, nikoh tuzish va bekor qilish, bolalarni bog‘cha va maktablarga ro‘yxatdan o‘tkazish imkonidan foydalana olmaydi.
LiveBarchasi