Rossiyada migrantlarning ayrim sohalardagi faoliyatiga cheklov qo‘yilishi mumkin

Olam

image

Rossiyada migrantlarning ayrim sohalardagi faoliyatiga cheklov qo‘yilishi mumkin. Bu haqda “Kommersant’” xabar berdi.

Qayd etilishicha, deputatlar xorijliklarning mamlakatdagi tibbiyot muassasalari, dorixonalar, maktablarda ishlashi hamda taksi va yuk tashuvlarini amalga oshirishini taqiqlovchi qonun loyihasini Davlat Dumasiga kiritgan.

Loyiha mualliflarining fikricha, so‘nggi paytlarda rossiyaliklarning malakasiz xorijiy ishchilar sonining ko‘payishiga salbiy munosabati kuchaygan. Bu mamlakatga qo‘shimcha mehnat resurslarining faol jalb etilishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. 

“Qonun loyihasining amalga oshirilishi iqtisodiyotning mazkur tarmoqlarida migrantlar sonining ko‘payishini to‘xtatish, Rossiya fuqarolarini qo‘shimcha ish bilan ta’minlash imkonini beradi”, deyiladi xabarda. 

Deputatlarning ta’kidlashicha, mehnat muhojirlarining asosiy oqimini O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘izistondan kelganlar tashkil etadi. Loyiha mualliflari iqtisodiy faoliyatning barcha turlarida xorijiy ishchilarning ruxsat etilgan ulushini 5 foizgacha cheklashni taklif qilmoqda.

Shuningdek, ular muhojirlarning yo‘lovchi va yuk tashuvlaridagi faoliyati davomida yo‘l-transport hodisalari, jumladan, o‘limlar soni ko‘payganligini alohida qayd etgan.

Shu bois, hujjatda muhojirlarni “chet ellik ishchilarning malakasiz mehnati foydadan ko‘ra ko‘proq zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan eng sezgir ijtimoiy sohalarga” jalb qilishni to‘liq taqiqlash to‘g‘risida ham alohida to‘xtalib o‘tilgan. Bunda deputatlar tibbiyot muassasalari va maktablardagi ish faoliyatini ham nazarda tutgan. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Davlat Dumasi deputati Mixail Matveyev Rossiyaga ishlash uchun borayotgan shaxslarga oilasi, xotini, bolalari yoki ota-onasini olib borishni ta’qiqlash kerakligini aytgan edi. Unga ko‘ra, mamlakatga pul topish uchun kelgan oilalardan faqat bittasi ishlamoqda, qolganlari esa ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga muhtoj hisoblanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya taksi tibbiyot migrantlar cheklov Davlat Dumasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing