Rossiyada migrantlar soni bir yil ichida 10 foizga kamaydi
Olam
−
29 yanvar 1674 2 daqiqa
2026 yil boshiga kelib Rossiya hududida bo‘lgan xorijiy fuqarolar soni 5,7 million kishigacha kamaydi (bir yil ichida 10 foiz). O‘tgan yil boshida ularning soni taxminan 6,3 mln edi. Bu haqda mamlakat Ichki ishlar vazirligi Migratsiya xizmatining tahliliy boshqarmasi boshlig‘i Aleksandr Perejoginga tayanib, “Vedomosti” xabar berdi.
Perejoginning aytishicha, kamayish, avvalo, mamlakatdagi voyaga yetmagan xorijiy fuqarolar soni qariyb chorakka qisqargani bilan bog‘liq. 2025 yilda rus tilini bilish bo‘yicha testdan o‘tmagan migrant bolalarni Rossiya maktablariga qabul qilish taqiqlangan. Bundan tashqari, farzandlariga asosiy umumiy ta’lim olish imkonini ta’minlamagan xorijliklar mamlakatda qolish huquqidan mahrum etilishi mumkin.
Ekspertlarning fikricha, Rossiyada xorijliklar sonining kamayishiga migratsiya qonunchiligining umumiy tarzda qat’iylashtirilishi ham ta’sir qilgan. Endilikda qonunni buzgan migrantlar “nazorat qilinadigan shaxslar reyestri”ga kiritilmoqda. Ushbu ro‘yxatga tushgan xorijliklarga, jumladan, nikoh tuzish (bu esa keyinchalik Rossiyada legallashishga yordam berishi mumkin edi), bank hisobvaraqlaridagi mablag‘larni tasarruf etish hamda bolalarni maktablarga yozdirish taqiqlanadi.
Bundan tashqari, 2025 yilda Rossiyaga vizasiz kirishi mumkin bo‘lgan xorijliklarning mamlakatda bo‘lish qoidalari o‘zgardi. Endi ularning Rossiyada bo‘lish muddati bir kalendar yil davomida 90 kundan oshmasligi kerak. Avval 90/180 qoidasi amal qilgan (ya’ni, yarim yil ichida taxminan uch oy).
Qayd etish joiz, Rossiya hukumati 2024 yil mart oyida Moskva viloyatidagi “Krokus Siti Xoll”da sodir etilgan teraktdan so‘ng migratsiya siyosatini qat’iylashtira boshlagandi. Nazorat qilinadigan shaxslar reyestri va migrant bolalarni maktabga qabul qilishda rus tilini bilish bo‘yicha majburiy testdan tashqari, Rossiya rasmiylari Rossiya fuqarolari bilan turmush qurgan xorijliklar uchun soddalashtirilgan tartibda yashash uchun ruxsatnoma olish imkoniyatlarini ham cheklagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya hududida bo‘lib turgan migrant bolalar soni o‘tgan yil boshiga nisbatan qariyb 25 foizga kamaygani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi