Rossiyada migrant bolalar soni qariyb 25 foizga kamaydi
Olam
−
28 yanvar 1379 2 daqiqa
Rossiya hududida bo‘lib turgan migrant bolalar soni o‘tgan yil boshiga nisbatan qariyb 25 foizga kamaydi. Bu haqda Rossiya Ichki ishlar vazirligining rasmiy vakili Irina Volk o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hozir mamlakatda bir yil avvalgiga qaraganda migrant bolalar ancha kam. Xorijiy fuqarolar, jumladan, bolalarning Rossiyada bo‘lishini nazorat qilish kuchaytirilgani bu kamayishga sabab bo‘lmoqda.
Rossiyada bugun, 28 yanvardan yangi federal qonun kuchga kirdi. Unga ko‘ra, Ichki ishlar vazirligi va ta’lim sohasini boshqaruvchi organlar o‘rtasida voyaga yetmagan xorijiy fuqarolar bo‘yicha ma’lumot almashinuvi yo‘lga qo‘yildi. Endilikda migrant bolalarning migratsiya hisobiga qo‘yilishi, maktab va kollejlarga qabul qilinishi, o‘qishdan chetlatilishi va boshqa ma’lumotlar idoralar o‘rtasida uzatiladi.
Hokimiyat vakillarining fikricha, bu choralar migrant bolalarning Rossiyada qonuniy bo‘lishini hamda ularning ta’lim olish imkoniyatini samaraliroq nazorat qilishga yordam beradi. Shuningdek, IIV ning ogohlantirishicha, bolalarning Rossiyada qonuniy bo‘lishi va ta’lim olishini ta’minlash bo‘yicha majburiyatlarni qo‘pol ravishda buzgan ota-onalar yoki qonuniy vakillar mamlakatda yashashi nomaqbul shaxslar deb topilishi mumkin.
Qayd etish joiz, 2025 yildan Rossiyada migrant bolalarni maktablarga qabul qilish tartibi yanada qat’iylashtirilgan. O‘tgan yilning 1 aprelidan boshlab rus tilini bilmaydigan va mamlakatda qonuniy bo‘lishi tekshiruvdan o‘tmagan migrant bolalarni ta’lim muassasalariga qabul qilish taqiqlovchi qonun amal qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyada hukumat komissiyasi sudlanganligi olib tashlanmagan yoki bekor qilinmagan chet elliklarga Rossiya fuqaroligini, vaqtincha yashash ruxsatnomasini yoki yashash uchun ruxsatnomani berishni taqiqlashni ma’qullagani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi