Rossiyada Mi-28 vertolyoti halokatga uchradi
Olam
−
19 mart 4672 1 daqiqa
Kecha, 18 mart kuni Rossiyaning Leningrad viloyatida Mi-28 vertolyoti qulab tushdi. Bu haqda “Interfax” xabar berdi.
Qayd etilishicha, voqea Leningradning Beseda qishlog‘i atrofida kechqurun sodir bo‘lgan. Vertolyot o‘q-dorisiz o‘quv-mashg‘ulot parvozini bajarayotganda aholi punktlaridan uzoqda, kimsasiz hudud – cho‘lga qulab tushgan.
Sodir bo‘lgan voqea oqibatida vertolyot ekipaji halok bo‘lgan. Leningrad harbiy okrugi matbuot xizmati tomonidan vertolyot Rossiya Harbiy-havo kuchlariga tegishli ekanligi bildirilgan. Hozircha halokat sababi aniqlanmagan.
Ma’lumot uchun, Mi-28 dushmanning zirhli texnikasi, havo nishonlari va jonli kuchlarini qidirish va yo‘q qilish uchun mo‘ljallangan zarba beruvchi vertolyot hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning Pensilvaniya shtatida samolyot qariyalar uyi avtoturargohiga qulab tushgandi. Samolyot bortida besh kishi bo‘lgan va ular shifoxonaga olib ketilgandi.
Sara Komiljonova