Rossiyada qullikda saqlangan o‘zbekistonlik ayollar ishi Yevropa sudida ko‘riladi
Olam
−
15 noyabr 2021
19068Strasburgdagi Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi Moskvaning Golyanovo tumanidagi oziq-ovqat do‘koni egalari qullikda saqlayotgan Qozog‘iston va O‘zbekiston fuqarolarining shikoyatlarini ko‘rib chiqadi. Bu haqda Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi saytida aytilgan.
Ta’kidlanishicha, sud besh jabrlanuvchining ikkita shikoyatini birlashtirgan. Birinchisi 2016 yilda O‘zbekiston fuqarolari Guljanar Nazanova va Bakiya Qosimovalar hamda qozog‘istonlik Fotima va Aliya Musabayevalar nomidan, ikkinchi ariza 2018 yilda Qozog‘iston fuqarosi Nesibeli Ibragimova tomonidan yuborilgan.
Ayollar manfaatlarini sudda “Fuqarolik yordami” qo‘mitasi bilan hamkorlik qiluvchi “Memorial” inson huquqlari markazi advokatlari himoya qiladi. Qo‘mitaga ko‘ra, sud Rossiyaga ish bo‘yicha savollar yuboradi.
“Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi Rossiyaga Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa konvensiyasining mumkin bo‘lgan buzilishi haqida savollar yuboradi. Sudlanuvchi sud muhokamasidan qochish uchun arizachilar bilan kelishuv bitimi tuzishi mumkin. Qanday bo‘lmasin, ishni ko‘rib chiqishning faol bosqichi boshlanadi”, deb tushuntirgan advokat Ivan Novikov.
Muhojirlar qullikda saqlanayotgan oziq-ovqat do‘konlari Golyanovodagi Uralskaya, Parkovaya va Novosibirskaya ko‘chalarida joylashgan. Do‘kon egalari yer-xotin va ularning qarindoshlari.
Xabarga ko‘ra, tadbirkorlar ayollardan hujjatlarni olib, ularni Rossiyada mehnat muhojiri sifatida ro‘yxatdan o‘tkazishdan bosh tortgan. Shu bilan birga, qurbonlarning ish haqi hech qachon to‘lanmagan, ularga do‘konlar binolarini tark etish taqiqlangan, shuningdek, ular yerto‘lalarda uxlashga majbur qilingan.
“Yillar davomida do‘kon egalari va xodimlari O‘zbekiston va Qozog‘iston ayollarini haq to‘lanmaydigan mehnatga majburlab, zo‘rlagan, kaltaklagan va xo‘rlagan, agar ishlashdan bosh tortishsa, huquq-tartibot idoralari tomonidan javobgarlikka tortilishi bilan tahdid qilgan”, deyilgan xabarda.
Qo‘mita politsiya xodimlari va tergovchilar jabrlanuvchilarga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atishdan bosh tortganini qayd etgan.
LiveBarchasi