Rossiyada ishlayotgan 500 ga yaqin o‘zbekistonlik ish beruvchi ustidan shikoyat qildi
Jamiyat
−
22 may 2021
4420Rossiya Federatsiyasi Moskva shahrida mehnat qilayotgan 500 nafarga yaqin o‘zbekistonlik migrant ish beruvchi ustidan shikoyat qildi. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi rasmiy bayonot bilan chiqdi.
Ma’lum qilinishicha, Moskva shahrida joylashgan “Monolit kapital stroy” qurilish kompaniyasida mehnat qilayotgan o‘zbekistonlik bir guruh migrantlar ish beruvchi tashkilotdan norozi bo‘lib Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Moskva shahridagi vakolatxonasiga murojaat qilgan.
Joriy yilning 26 aprel kuni Agentlik vakillaridan iborat ishchi guruh O‘zbekistonning Rossiya Federatsiyasidagi elchixonasi mas’ul xodimlari bilan birgalikda voqea joyiga borib, vaziyatni o‘rgangan. 19 may kuni Agentlikning Moskva shahridagi vakolatxonasida fuqarolar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tgan.
Ma’lum bo‘lishicha, qurilish ob’ektlarida mustaqil ravishda, ish beruvchi bilan o‘zaro kelishuv asosida ish boshlagan fuqarolarga ish haqlarining berilishi kechiktirilgan va bu holat ularning noroziligiga sabab bo‘lgan.
Agentlik tomonidan yashash joyisiz qolgan fuqarolar bepul yotoqxona va 3 mahal ovqat bilan ta’minlangan, ishsiz qolganlarga boshqa ish joylari taklif qilingan.
Hozirgi vaqtda 500 nafarga yaqin fuqarolarning shikoyatlari asosida ularning huquqlarini himoya qilish va ish haqlarini undirib berish maqsadida Moskva shahar prokuraturasi, Tergov qo‘mitasi hamda Mehnat inspeksiyalariga rasman murojaat qilingan.
Shuningdek, ularning 25 foizdan ortig‘i nolegal tarzda ish faoliyatini olib borgani aniqlanib, Rossiyaning amaldagi qonunchiligi asosida ularni legallashtirish bo‘yicha zaruriy tavsiyalar berilgan.
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi ushbu holat yuzasidan fuqarolarning huquqlarini himoya qilish va qonun doirasida ish haqlarini undirish bo‘yicha barcha zarur choralar ko‘rilishini ma’lum qilgan.
LiveBarchasi