Rossiyada “dushman” mamlakatlarning taomlariga soliq solinishi mumkin

Olam

image

“Rossiya kommunistlari” partiyasi Rossiya Bosh vaziri Mixail Mishustinga Rossiyaga “dushman” mamlakatlar taomlarini taklif qiluvchi umumiy ovqatlanish korxonalariga soliq joriy etishni taklif qilmoqchi. Bu haqda partiya raisi Sergey Malinkovich kecha, 16 iyul kuni “Abzats” nashrida chop etilgan intervyusida aytib o‘tdi.

“Rossiyaga dushman bo‘lgan mamlakatlar oshxonasini targ‘ib qilish noto‘g‘ri. Axir bu davlatlar rus restoranlarini rivojlantirishga yordam bermaydi va ularda (rus restoranlari) deyarli yo‘q”, deb hisoblaydi Malinkovich.

Unga ko‘ra, birinchi bo‘lib italyan, fransuz, janubiy koreya, yapon, ispan va nemis taomlari sotiladigan restoranlar “obro‘sizlanadi”.

“Masalan, Fransiya, Germaniya, Italiya bizga faol qarshilik ko‘rsatmoqda. Yaponiya uzoq vaqtdan beri bizning hududlarimizni qo‘lga kiritmoqchi edi. Shuning uchun bu mamlakatlardan keladigan taomlar uchun 12 foiz qo‘shimcha soliq bo‘lishi kerak. Qolganlari uchun biz 10 foizdan boshlashimiz mumkin”, deb hisoblaydi siyosatchi.

Ommaviy axborot vositalari, bu, masalan, sushi va pitssa restoranlariga ta’sir qiladi, deb hisoblaydi.

Bundan tashqari, Malinkovich Rossiyaning so‘nggi oylarda munosabatlari yomonlashgan Turkiya va Ozarbayjon oshxonasiga ega muassasalarga e’tibor qaratishga chaqiradi. Ammo u Rossiyaning “do‘stlari” bo‘lgan mamlakatlar oshxonasiga “tegmaslikni” tavsiya qiladi. “Kommunistik Rossiya” partiyasi rahbariga ko‘ra, bular Belarus, Lotin Amerikasi davlatlari, Vetnam, O‘zbekiston, Shimoliy Koreya, shuningdek, arab davlatlarini o‘z ichiga oladi.

Moskva do‘stona emas deb hisoblagan davlatlar ro‘yxatiga hozirda 49 ta davlat kiritilgan. Ular orasida, xususan, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari (Slovakiya va Vengriyadan tashqari), shuningdek, AQSH, Yaponiya, Buyuk Britaniya, Avstraliya, Ukraina, Shveysariya va Chernogoriya bor.

Ma’lumot uchun, iyul oyi boshida Rossiya Davlat dumasining turizm va turizm infratuzilmasini rivojlantirish qo‘mitasi raisi Sangaji Tarbayev rossiyaliklar uchun xorijga sayohat uyushtiruvchi turoperatorlar uchun soliq joriy etishni taklif qilgan. Uning fikricha, bu mamlakat ichidagi turizm sanoati va infratuzilmasini qo‘llab-quvvatlashi mumkin. Siyosatchi “to‘lov jismoniy shaxslar uchun emas, balki yuridik shaxslar, ya’ni faoliyat bilan shug‘ullanuvchi turoperatorlar uchun joriy etilishi kerak”, deb ishontirdi. Shu bilan birga, Tarbayev o‘zining dastlabki baholashida ham, agar tashabbus qabul qilinsa, rossiyaliklar uchun chet elga sayohat kamida 200-300 rublga qimmatlashishini tan oldi.


Maqola muallifi

Teglar

soliq Rossiya taom restoran

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing