Rossiyada boshiga chelak tashlab yuborilgan o‘zbekistonlik migrant vafot etdi
Olam
−
04 iyun 10639 2 daqiqa
Rossiyaning Leningrad viloyatidagi Vsevolojsk tumanida o‘zbekistonlik migrantning boshiga ichida sement ohak qoldiqlari bo‘lgan metall chelak tushib ketdi. Bu haqda “78.ru” xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, 1 iyun kuni 112 xizmatiga Novosaratovka qishlog‘idagi “Nevskaya Dolina” qurilish uchastkasida ishchining boshiga g‘isht tushgani haqida xabar kelib tushgan. Voqea joyiga yetib kelgan otryad joyida ko‘p qavatli uy qurilayotganini aniqlagan.
69 yoshli qo‘riqchining so‘zlariga ko‘ra, qurilish maydonchasida pardozlash ishlarini olib borayotgan 34 yoshli o‘zbekistonlik ishchining boshiga ichida sement ohak qoldiqlari bo‘lgan metall chelak tushib ketgan, shundan so‘ng u ko‘plab tan jarohatlari bilan Vsevolojsk poliklinikasiga yetkazilgan.
Videokuzatuv kameralari soat 11:47 da noma’lum shaxs qurilayotgan binoning oltinchi qavatidagi derazadan tashqariga qaragani, so‘ng qo‘lini tashqariga chiqarib, chelakni pastga uloqtirganini yozib olgan. Jabrlanuvchi bir necha soatdan keyin shifoxonada vafot etdi.
Leningrad viloyati Tergov qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, boshqa ishlarni bajarishda xavfsizlik qoidalarini buzish, oqibatda ishchi halok bo‘lgani bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.
“Hozirda hodisaning holatlarini, shuningdek, hodisaga sabab bo‘lgan shart-sharoitlarni aniqlash bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda”, deyiladi Tergov qo‘mitasi xabarida.
Qo‘shimcha qilinishicha, tekshiruv davomida ishlab chiqarish jarayoni xavfsizligini ta’minlash vazifalariga kiritilgan xodimlar aniqlanadi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 23 may kuni Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida 28 yoshli o‘zbekistonlik ishchi oltinchi qavatdan qulab tushib, halok bo‘lgandi. Rossiya Tergov qo‘mitasi ushbu holat yuzasidan jinoyat ishi ochgan.
Live
Barchasi