Rossiyada “Bosh barmoq” emojisi imzoga tenglashtirildi

Olam

image

Rossiya sudi bosh barmoqni yuqoriga ko‘targan emojini hujjatdagi imzoga tenglashtirdi. Bu haqda Telegram asoschisi Pavel Durov xabar berdi. 

Sud qaroriga ko‘ra, emoji yuridik kuchga ega bo‘lishi mumkin, chunki u odatda “yaxshi” degan ma’noni anglatadi. Advokatlarning bildirishicha, bu Rossiya sud amaliyotida birinchi marta kuzatilmoqda.

Sud bunday qarorni ikki tadbirkor o‘rtasidagi oldi-sotdi ishini ko‘rib chiqish jarayonida qabul qilgan. Gap shundaki, yakka tartibdagi tadbirkor 2022 yil mart oyida Volkswagen T1 retro furgon ko‘rinishidagi ko‘chma savdo kioskini yetkazib berish bo‘yicha oldi-sotdi shartnomasini tuzgan. Shartnoma 2022 yil 30 iyungacha bajarilishi kerak edi. Xaridor 479,5 ming rubl  (qariyb 49 ming AQSH dollari) miqdorida depozit to‘ladi.

Ammo kompaniya furgonni vaqtida yetkazib bermadi. Keyin xaridor sud orqali omonatni qaytarishni talab qildi. Kompaniya esa tomonlar qo‘shimcha kelishuv tuzmagani sabab ishni yakunlay olmasligini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, xaridor kiosk rangini ko‘rsatmagan va u rangni tasdiqlamasa kompaniya ishni o‘z vaqtida tugata olmaydi.

Biroq sud tomonlarning WhatsApp'dagi yozishmalarini ko‘rib chiqdi va kiosk rangi xaridor tomonidan tasdiqlangan, deb topildi. Chunki yozishmada kompaniya kioskni sariq chiziq bilan oq rangga bo‘yashni taklif qilgan va bunga javoban xaridor “bosh barmog‘i” emojisini jo‘natgan.

“Keyingi yozishmalarda xaridor bu javobning ma’nosiga oydinlik kiritmagan, demak, sudlanuvchi bu javobni qo‘shimcha tushuntirishni talab qilmaydigan rozilik sifatida qabul qilgan”, deyiladi qarorda.

Shu tariqa birgina emoji sabab xaridor sud ishida yutib chiqdi va “bosh barmoq” belgisi tasdiqlash va imzo o‘rnida qabul qilinadi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya emoji

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing