Rossiyada ayrim migrantlarning bolalari til imtihonidan ozod qilinishi mumkin
Olam
−
29 Oktabr 2025 2824 1 daqiqa
Rossiya Davlat dumasiga yangi qonun loyihasi kiritildi. Unda rus tili ona tili bo‘lgan xorijiy fuqarolarning farzandlarini maktabga kirishdan oldin o‘tkaziladigan rus tili testidan ozod etish taklifi ilgari surilgan. Bu haqdagi hujjat Davlat dumasining elektron bazasida e’lon qilingan.
Qonun loyihasi mualliflari Kommunistik partiya deputatlari Mixail Matveyev, Oleg Mixaylov va Sergey Obuxov sanaladi.
“Rus tili ona tili bo‘lgan va madaniy jihatdan Rossiyaga yaqin bo‘lgan xorijiy fuqarolarning, jumladan, qaytib kelayotgan vatandoshlarning bolalarini rus tili bilim darajasini aniqlash bo‘yicha majburiy testdan o‘tkazish amaliy ma’noga ega emas”, deyiladi qonun loyihasida.
Loyihaga ko‘ra, rus tili testidan ozod etish tartibini Rossiya Ta’lim vazirligi belgilaydi.
Ma’lumot uchun, 2025 yilning 1 aprelidan boshlab xorijiy fuqarolarning bolalari maktabga kirishdan oldin rus tili bo‘yicha imtihon topshirishi majburiy etib belgilangan edi. So‘nggi besh oy ichida 23,6 mingta ariza topshirilgan, 8 ming bola imtihonga kiritilgan va ularning faqat yarmi testni muvaffaqiyatli topshirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyada joriy yilning uchinchi choragida (iyul, avgust, sentyabr) xorijiy fuqarolarning rus tili bo‘yicha imtihon topshirishda 35 foizdan ortig‘i birinchi urinishdayoq imtihondan o‘ta olmagani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi