Rossiyada avtohalokatga uchrab, og‘ir jarohatlangan o‘zbekistonlik ortga qaytarildi
3-sahifa
−
30 Sentabr
6537Rossiyaning Tatariston hududida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida og‘ir tan jarohati olgan o‘zbekistonlik ortga qaytarildi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekistonning Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilning 1 sentyabr kuni Tatariston Respublikasi hududidan o‘tuvchi Aznakayevo–Almetevsk trassasida O‘zbekiston fuqarolari ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan. Ushbu hodisa oqibatida O‘zbekiston fuqarosi T.J. og‘ir tan jarohati olgan va u zudlik bilan Almetevsk tumanlararo ko‘ptarmoqli shifoxonasiga yotqizilgan.
“Bemorning onasi o‘g‘lini O‘zbekistonga olib ketish uchun moliyaviy ko‘mak so‘rab Bosh konsulxonaga murojaat qilgan. O‘zbekiston diplomatlari jabrlangan o‘zbekistonlikka barcha turdagi konsullik-huquqiy va amaliy yordam ko‘rsatdi. Xususan, shifokorlar va boshqa idoralar bilan zarur uchrashuvlar o‘tkazildi hamda holat doimiy nazoratga olindi. Shuningdek, mazkur ariza asosida Bosh konsulxona xodimlari tomonidan bemor T.J.ni ortga qaytarish uchun zarur hujjatlarni tayyorlash ishlari amalga oshirildi”, deyiladi xabarda.
Natijada yo‘l-transport hodisasi oqibatida og‘ir tan jarohati olgan T.J. va uning onasiga “Qozon–Toshkent” aviaqatnoviga chipta olib berildi va ular 26 sentyabr kuni mamlakatga qaytarildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyada qolib ketgan o‘zbekistonlik bola ortga qaytarilgandi.