Rossiyada 28 yoshli o‘zbekistonlik erkak piyodani urib yubordi
Olam
−
13 Oktabr
4675Rossiyaning Leningrad viloyatida 28 yoshli o‘zbekistonlik erkak mashinasida piyodani urib yuborishi oqibatida jabrlanuvchi voqea joyida halok bo‘ldi. Bu haqda “Kommersant’” xabar berdi.
Yo‘l-transport hodisasi joriy yilning 11 oktyabr kuni tunda “Mini – Novinka” avtomobil yo‘lining 1-kilometrida yuz bergan. O‘zbekiston fuqarosi Chevrolet Cruze avtomobilida yo‘lning qatnov qismida 50 yoshli erkakni belgilangan piyodalar o‘tish joyidan tashqarida urib yuborgan. Piyoda qoramtir rangli kiyimda, nur qaytaruvchi elementlarsiz bo‘lgan. U olgan tan jarohatlari oqibatida voqea joyida halok bo‘lgan.
Vafot etgan shaxs doimiy yashash joyiga ega bo‘lmagani aniqlangan. Haydovchining so‘zlariga ko‘ra, avariyadan oldin piyoda qatnov qismining o‘rtasida bo‘lgan va uzoqdan ko‘rinmagan. Hozirda voqeaning barcha tafsilotlariga oydinlik kiritilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyada avtohalokatga uchrab, og‘ir jarohatlangan o‘zbekistonlik ortga qaytarilgani haqida xabar berilgandi. Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilning 1 sentyabr kuni Tatariston Respublikasi hududidan o‘tuvchi Aznakayevo–Almetevsk trassasida O‘zbekiston fuqarolari ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan. Ushbu hodisa oqibatida O‘zbekiston fuqarosi T.J. og‘ir tan jarohati olgan va u zudlik bilan Almetevsk tumanlararo ko‘ptarmoqli shifoxonasiga yotqizilgan.