Rossiya Yevropani ogohlantirdi
Olam
−
13 dekabr 2021
31376Rasmiy Moskva G‘arb davlatlarini NATOning Rossiya chegaralari yaqinida kuchayishiga javob sifatida Yevropa chegarasiga yadroviy qurollarini joylashtirishi haqida ogohlantirdi. Bu haqda bugun, 13 dekabr kuni Rossiya Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sergey Ribakov RIA Novostiga bergan intervyusida ta’kidladi.
NATO va AQSHning Rossiya Ukrainaga bostirib kirgan taqdirda unga nisbatan jiddiy javob bo‘lishi haqidagi bayonotlari ortidan Moskva ham o‘z izohlari bilan chiqdi.
“Ushbu muammoga siyosiy va diplomatik yechimning topilmayotgani bizning javobimiz harbiy va texnik ruxda bo‘lishiga olib keladi. Agar AQSH va NATO biz amal qilayotgan bir tomonlama maratoriyga qo‘shilmaydigan bo‘lsa bizning keying qadamimiz ularga yuzma-yuz qarshi chiqish bo‘ladi”, deydi Ribakov o‘z nutqida
NATO Yevropa hududida AQSHning birorta ham yadroviy quroli joylashtirilmasligini ta’kidlamoqda, ammo Moskva bunga ishonmayapti.
“Ular bizning xavfsizligimizni ta’minlaydigan nimadur qila olishlariga ko‘zimiz yetmaydi. Biz endi ortiq ularning o‘z foydasini o‘ylab, hohlaganini qilishiga jimgina ko‘nib o‘tira olmaymiz” deydi Ribakov jurnalistlarga.
Uning izohlari, Moskva G‘arbdan o‘zining xavfsizligiga tahdid soladigan har qanday harakatdan tiyilishini, o‘z navbatida, AQSH va NATO esa Rossiyani Ukrainaga hujum qilishga tayyorlanayotganlikda ayblab, undan chegaradagi harbiylarini ortga qaytarishini talab qilayotgan bir paytda, G‘arb va Sharq o‘rtasida ziddiyatga sabab bo‘lishi mumkin deya baholanmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, G‘arb matbuoti va siyosatchilari so‘nggi paytlarda Moskva Ukraina bilan chegarada qo‘shinlarini jamlayotganini ta’kidlab kelmoqda. Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiya o‘z qurolli kuchlarini o‘z hududi va o‘z xohishiga ko‘ra ko‘chirayotganini, uning harakatlari hech kimga tahdid solmasligini va hech kimni bezovta qilmasligi kerakligini aytib kelmoqda. Moskvaning ta’kidlashicha, “Rossiya tajovuzkorligi” haqidagi xabarlar chegara hududlarida NATO kuchlarini to‘plash uchun bahona sifatida foydalanilmoqda.
Germaniyaning “Bild” gazetasi hatto Rossiya Ukrainaga bostirib kirish uchun ikkita hujum rejasini ishlab chiqqani haqida xabarlar tarqatdi. Nemis nashri hujum 2022 yil boshida amalga oshirilishiga ishonch bildirgan.
O‘tgan hafta Rossiya va AQSH liderlari Ukraina chegarasidagi mojaro va G‘arbning Rossiya xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha qonuniy majburiyatlari yuzasidan ikki soat davom etgan muzokaralarni olib borishgandi.
1987 yilda Sovet rahbari Mixail Gorbachyov va AQSH Prezidenti Ronald Reygan o‘rtasida kelishilgan shartnomaga ko‘ra, Yevropa davlatlari o‘rtasida mudofaa maqsadida yadroviy qurollar saqlash taqiqlangan edi. Vashington 2019 yilda shartnomani Rossiya tomoni buzilganligi haqida shikoyat qilib, uni tark etgan.
Behruz Saidov
LiveBarchasi