Rossiya va O‘zbekiston Afg‘oniston bo‘yicha juda yaqin pozitsiyaga ega – Lavrov

Jamiyat

image

Rossiya va O‘zbekiston Afg‘onistondagi mavjud voqelikni tan olish hamda hozirgi rahbariyat bilan shu haqiqatlarga asoslanib ishlash kerakligi borasida juda yaqin pozitsiyaga ega. Bu haqda tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘lib turgan Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Lavrovga ko‘ra, u O‘zbekiston rahbari bilan ikki mamlakat hamkorlik qilayotgan barcha asosiy yo‘nalishlarni muhokama qilgan. Diplomatning ta’kidlashicha, ularning barchasi 2021 yilda Vladimir Putin va Shavkat Mirziyoyev erishgan kelishuvlarga taalluqlidir.

“Ushbu kelishuvlar savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, moliyaviy hamkorlik, zamonaviy sharoitda savdo va boshqa iqtisodiy aloqalarga xizmat ko‘rsatishga ijodiy yondashish zaruriyatidan tortib, ta’limgacha bo‘lgan barcha sohalarni qamrab oladi”, deb tushuntirgan Sergey Lavrov.

Muzokaralarda ko‘p vaqt sentyabrga rejalashtirilgan SHHT sammitiga bag‘ishlandi. Yana bir muhim mavzu bu — Afg‘oniston.

“O‘zbek do‘stlarimiz bilan Afg‘onistondagi mavjud voqelikni tan olish va hozirgi rahbariyat bilan shu haqiqatlarga asoslanib ishlash kerakligi borasida juda yaqin pozitsiyaga egamiz”, deydi Lavrov.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 27 iyul kuni Sergey Lavrov Shanxay hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishida ishtirok etish uchun O‘zbekistonga keldi.

Kecha, 28 iyul kuni esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Sergey Lavrov boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Shundan so‘ng, Lavrov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Sardor Umurzoqov bilan muzokaralar o‘tkazdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

304

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing