Rossiya va Ukraina muzokaralarni yakunladi. Natijalar qanday?

Olam

image

Bugun, 16 may kuni Turkiyaning Istanbul shahrida Ukraina va Rossiya delegatsiyalari o‘rtasida ilk bor uch yillik tanaffusdan so‘ng to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv taxminan 2 soat davom etdi. Muzokaralar yopiq eshiklar ortida o‘tdi, moderator sifatida esa Turkiya Tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan ishtirok etdi. Bu haqda “Haber Turk” xabar berdi.

Muzokaralar davomida Rossiya delegatsiyasi Ukraina qurolli kuchlarini Rossiya hududidan olib chiqishni talab qilgan. Shuningdek, to‘rt viloyat – Donetsk, Lugansk, Xerson va Zaporoje viloyatlaridan ham Ukraina to‘liq chiqib ketishi so‘ralgan.

Ukrainalik manbalarning yozishicha, bu talablarga Ukraina rad javobini bergan, bunga javoban Rossiya delegatsiyasi esa qo‘rqitish bilan javob yo‘llagan.

“Keyingi safar bu viloyatlar soni beshga yetadi”, degan Rossiya delegatsiyasi.

Ba’zi manbalar bu beshinchi viloyat deb Sumi yoki Dnepropetrovsk viloyati nazarda tutilganini taxmin qilmoqda.

Shu bilan birga, Ukraina delegatsiyasi harbiylashtirilmagan xavfsizlik zonasi yaratish takliflarini rad etgan.

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ham bugun, 16 may kuni kuni Albaniyada Yevropa Siyosiy Hamjamiyati sammitida nutq so‘zlab, Rossiyaning muzokaralardagi jiddiy yondashuvini shubha ostiga olgan.

“Agar Rossiya jiddiy bo‘lmasa, jahon hamjamiyati bunga keskin javob berishi kerak – energetika va moliyaviy sanksiyalarni kuchaytirish orqali”, degan Zelenskiy.

U, shuningdek, 30 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish rejimini joriy etishga yana chaqirgan.

Ba’zi bir tasdiqlanmagan xabarlarga ko‘ra, muzokaralar katta axborot shovqini va bir-birini ayblashlar fonida o‘tgan. Ukraina tomoni 2022 yilgi Istanbul bilan taqqoslanishidan qo‘rqayotganini, Rossiya esa bu safar yana qat’iyroq shartlar qo‘yganini bildirgan.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hozircha ruxsat etilgan, rasman tasdiqlangan bitimlar yoki kelishuvlar yo‘q. Muzokaralar to‘g‘risida bayonotlar 20:00 (Toshkent vaqti)da kutilyapti. Bu borada Ukraina delegatsiyasi rahbari Rustam Umarov matbuot anjumani o‘tkazadi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ukraina muzokara

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing