Rossiya va Ukraina bir-birini Pasxa sulhini buzishda aybladi
Olam
−
10:47 1288 2 daqiqa
Kursk viloyati gubernatori Aleksandr Xinshteyn Ukraina Qurolli kuchlarini (UQK) Pasxa sulhini buzishda aybladi. Bu haqda u kecha, 11 aprel kuni o‘zining Telegram-kanalida yozdi.
Mulozimning aytishicha, Lgov shahrida Ukraina droni yonilg‘i quyish shoxobchasiga hujum qilgan va oqibatda uch kishi, jumladan bir yoshli bola jarohatlangan. Xinshteyn dron zarbasi 11 aprel kuni mahalliy vaqt bilan soat 16:00 dan keyin, ya’ni frontda Pasxa sulhi kuchga kirgan vaqtda sodir bo‘lganini da’vo qilmoqda. Biroq u bunga hech qanday dalil keltirmagan.
Bundan tashqari, Belgorod viloyati gubernatori Vyacheslav Gladkov chegaraoldi Shebekino shahrining ikki nafar tinch aholisi Ukraina tomonidan o‘qqa tutilishi oqibatida yaralanganini ma’lum qildi. Mulozim bu haqdagi postni o‘z Telegram-kanalida e’lon qilgan. Xerson viloyatining Rossiya tomonidan egallab olingan Novaya Kaxovka ma’muriyati ham shahar UQK tomonidan o‘qqa tutilganini va bir nafar tinch aholi vakili jarohatlanganini bildirdi.
Ukraina nashrlarining yozishicha, Rossiya qo‘shinlari ham Xerson viloyatining o‘ng chegarasiga baravar o‘t ochish reaktiv tizimlaridan zarba berib, sulhni buzgan. Shuningdek, Xarkov va Zaporoje viloyatlarida sulh boshlanganidan keyin dronlar hujumi xavfi tufayli havo ogohlantirishi e’lon qilingan.
Shu bilan birga, Ukrainaning “Exilenova+” monitoring kanali o‘z manbalariga tayanib, sulh “frontning aksariyat qismlarida haqiqatan ham ishlayotganini” ta’kidlamoqda.
“Razvedka dronlari ikkala tomonda ham uchmoqda. Ikkala tomon ham ularni urib tushirmoqda”, deb yozadi kanal mualliflari.
Kreml taklifiga ko‘ra, Pasxa sulhi 11 aprel soat 16:00 dan 12 aprel kuni yakuniga qadar davom etadi. Ukraina Prezidenti Rossiya tomoniga o‘t ochishni to‘xtatish rejimini Pasxadan keyin ham davom ettirish imkoniyati haqida ma’lumot yetkazilganini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Pasxa bayrami munosabati bilan vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatish rejimini e’lon qilgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi