Rossiya va Ukraina bir-biriga yuzlab dronlar bilan hujum qildi
Olam
−
16:00 744 2 daqiqa
Bugun, 22 oktyabr kuni Ukraina va Rossiya o‘zaro dron va raketa hujumlarini amalga oshirdi. Hujumlar oqibatida Ukrainada kamida yetti kishi, Rossiyaning Belgorod viloyatida esa bir kishi halok bo‘ldi. Bu haqda “The Moscow Times” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Moskva meri Sergey Sobyanin bir kecha davomida Moskva viloyati osmonida 630 ta Ukraina droni aniqlanganini ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ulardan 163 tasi bevosita Moskva tomon yo‘nalganida havo hujumidan mudofaa tizimlari tomonidan urib tushirilgan. Moskvaning janubi-g‘arbida joylashgan Voronovo tumanida ikki kishi jarohatlangan.
Shuningdek, poytaxt janubida portlash va yong‘in sodir bo‘lgani haqida xabarlar tarqalgan. “Astra” guvohlar tasvirga olgan videolar asosida Serpuxov shahridagi Rossiya Mudofaa vazirligining Bosh raketa-artilleriya boshqarmasiga qarashli saqlash va logistika ob’ektiga zarba berilganini bildirgan. Biroq “The Moscow Times” bu ma’lumotni mustaqil ravishda tasdiqlay olmagan.
Rossiya Mudofaa vazirligi esa 21 oktyabrdan kundan 21 oktyabrga o‘tar kechasi mamlakat hududlari va anneksiya qilingan Qrim osmonida Ukrainaga tegishli 808 ta dron urib tushirilganini da’vo qilgan.
Ukrainada Rossiya hujumlari oqibatida Zaporoje viloyatida uch, Donetsk viloyatida ikki, Sumida bir kishi va Xarkov viloyatida bir ayol halok bo‘lgan. Rossiya hududlarida ham jarohatlanish va infratuzilmaga zarar yetishi holatlari qayd etilgan.
O‘zaro hujumlar AQSHning Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi tinchlik muzokaralarini qayta boshlashga qaratilgan sa’y-harakatlari fonida yuz berdi. AQSHning maxsus vakili Stiv Uitkoff Sankt-Peterburgda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashib, uch tomonlama tinchlik muzokaralarini tiklash masalasini muhokama qilgandi.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Kiyev AQSHning Vashington, Moskva va Kiyev ishtirokidagi muzokaralar o‘tkazish taklifini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan. Kreml esa Putin AQSH vositachiligidagi muzokaralarni kelasi oydayoq qayta boshlashga rozi bo‘lganini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 22 oktyabrga o‘tar kechasi Rossiya qo‘shinlarining Kiyevga ballistik raketalar bilan bergan zarbasi oqibatida 1 kishi halok bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi