Rossiya O‘zbekistonga neft yetkazib berish hajmini yanada oshirmoqchi
Jamiyat
−
18 dekabr 2023
6860Rossiya O‘zbekistonga neft va neft mahsulotlari eksportini ko‘paytirish imkoniyatini o‘rganmoqda. Bu haqda Rossiya Bosh vaziri o‘rinbosari, sanoat va savdo vaziri Denis Manturov RF va O‘zbekiston o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya yig‘ilishida ma’lum qildi.
Ushbu yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev ham ishtirok etgan.
"Standartlashtirish va metrologiya sohasidagi samarali hamkorlik qilinmoqda. Ayni paytda O‘zbekiston tomonidan sinov laboratoriyalarini modernizatsiya qilish va qayta jihozlash uchun sinov uskunalarining tavsiya etilgan ro‘yxatlari shakllantirildi. Natijada YeOII (Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi)ning 15 ta texnik reglamenti talablariga muvofiqligini baholash mumkin bo‘ladi. Biz energetika sohasidagi hamkorlikka katta ahamiyat beramiz va O‘zbekistonga neft va neft mahsulotlari yetkazib berishni ko‘paytirish imkoniyatlarini o‘rganmoqdamiz", degan Manturov.
Shu bilan birga, u Rossiya O‘zbekistonning o‘z mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish istagini qo‘llab-quvvatlashi va geologiya hamda yer qa’ridan foydalanish sohasidagi hamkorlikni muhokama qilishni davom ettirishga tayyorligini aytgan.
"Bizda Orol dengizi va unga tutash hududlarda neft va gazni qidirish bo‘yicha muvaffaqiyatli loyihalar mavjud. Sobiq ittifoq tarixida birinchi marta O‘zbekiston hududida uglevodorod xomashyosi uchun seysmik qidiruv ishlari olib borildi. Ularning natijalari mintaqada yirik, asosan gaz konlari topilishining imkonini beradi", degan Manturov.