Rossiya O‘zbekiston tarix darsliklarini titkilayapti

Intervyu

Rossiya tariximizga aralashyapti. Yaqinda Rossiyaning 1-kanal telekanalida efirga uzatilgan Antifeyk ko‘rsatuvida O‘zbekiston tarix darsliklari muhokama qilindi. Unda bir necha rus tarixchilari O‘zbekiston o‘z farzandlariga noto‘g‘ri tarixni o‘qitib, rusafoblarni tayyorlayotgani, 1920 yilgacha O‘zbekiston degan davlat bo‘lmagani, Rossiya bu davlatni yaratib bermagani haqida aytib, bunda AQSHni ayblagan. 

“MDHdagi qo‘shnilarimiz fuqarolariga o‘n yillar davomida rusofobiya va soxta tarixga o‘rgatmoqda. Bugun hayotni aynan qanday darsliklardan o‘rganmaslik kerakligi va tarixiy faktlarning qanday qilib soxtaga aylantirilishi haqida gap boradi. Agar 5-sinf uchun Tarix o‘quv kitobi ochilsa, sizni hayratga soladigan ko‘p narsani bilib olish mumkin. Ma’lum bo‘lishicha, Pyotr I ushbu o‘lka boy tabiiy resurslari uchun egalik qilishni rejalashtirgan ekan. Keling, endi ushbu darslikning bir necha sahifasiga nazar tashlaymiz. Rossiyaga mustamlakalik qaramligi. O‘zbekistondagi boy tabiiy resurslar qadimdan rus podshohlarini, jumladan Pyotr I ni ham o‘ziga jalb etib kelgan, shuning uchun u bu boyliklarni egallashni niyat qilgan. Pyotr I ning rejalari XIX asrda uning avlodlari tomonidan amalga oshirilgan. Rossiya imperiyasi Markaziy Osiyo xonliklarining iqtisodiy orqada qolganligidan, zamonaviy qurollar va o‘qitilgan armiyaga ega bo‘lmaganligidan, shuningdek, ularning o‘zaro urushlaridan foydalanib qoldi. Ushbu darslik Respublika Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlangan va 2020 yilda ikkinchi nashri chiqdi, birinchi nashri esa oldinroq chop etilgan. Bu o‘rta maktab beshinchi sinfi uchun rus tilidagi nashr”, degan ko‘rsatuv boshlovchisi Aleksandr Smol.

QALAMPIR.UZ O‘zbekiston darsliklariga Rossiya imperiyasining bosqinchi sifatida kiritilishidan norozi rus tarixchilari e’tiroziga O‘zbekiston tarixchilaridan javob oldi. Ularning aytishicha, O‘zbekiston ta’limi va tarixiga aralashishga rossiyalik tarixchilarning haqqi yo‘q.

“Bosqinchini bosqinchi demasdan yana nima deyish mumkin. O‘sha payti juda katta mustamlakachilik siyosati amalga oshirilgan. Bosqinchilik yurishlari qilingan. Bundan tashqari, Rossiya imperiyasining bu yerga kelib aytib bo‘lmas darajada qo‘rqinchli siyosat qilgani va xalqqa qarshi genotsidi tarixiy faktlar bilan isbotlangan. Biz nega buni o‘qitmasligimiz kerak. Agar biz haqiqiy tarixni ochadigan bo‘lsak, asl manzara bundan ham yomonroq aslida”, dedi O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Tarix instituti kichik ilmiy xodimi Zavqibek Mahmudov.

Shuningdek, Tarix instituti tayanch doktoranti Daler Mirzayev ham o‘z hamkasbining gaplarini tasdiqlar ekan, rus tarixchilarining 1920 yillargacha O‘zbekiston degan davlat bo‘lmagani, unga davlatchilik siyosatini aynan Rossiya Imperiyasi olib kirgani haqidagi gaplariga o‘z munosabatini aytib o‘tdi. 

“1924 yilda O‘zbekiston SSR tuzildi, lekin buyuk Turkiston parchalandi. Oldin uch qismga ajralgan katta diyorni SSSR endi 5 qismga ajratib yubordi. Agar Ittifoq bo‘lmaganda, bizni bosib olmaganida balki Turkiston qayta birlashishi mumkin edi”, dedi Mirzayev. 

Rossiyalik tarixchilarning asosiy e’tirozi bu darsliklarning ta’minotchisi. Ularning aytishicha, darsliklar USAID ko‘magi bilan yaratilgan va AQSH pozitsiyasi bilan yozilgan. Ammo O‘zbekiston tarixchilari bu ma’lumotlarni keskin rad etdi.

O‘zi umuman, rossiyalik tarixchilar nega O‘zbekistonning darsliklarini titkilayapti? Ularning maqsadi nima? Shu va shu kabi savollarga QALAMPIR.UZ’ning to‘liq intervyusida javob bor.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing