Rossiya universitetlari talabalarni frontga tayyorlamoqda – OAV
Olam
−
30 iyul 3826 2 daqiqa
Rossiyaning kamida 24 hududidagi 70 dan ortiq ta’lim muassasasida talabalarni Ukrainadagi urushga jalb qilish ishlari olib borilmoqda. Bu haqda “Exo” nashri xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, urushga yollash holatlari 57 ta oliy ta’lim muassasasi hamda 13 ta kollej va texnikumda aniqlangan. Ular orasida Rossiya tomonidan anneksiya qilingan Qrimdagi ta’lim muassasalari ham bor. Aslida bunday muassasalar soni bundan ham ko‘proq bo‘lishi mumkin.
Qayd etilishicha, bu butun mamlakat bo‘ylab olib borilayotgan kampaniya bo‘lib, ayrim oliygohlarga talabalarni harbiy xizmatga jalb qilish bo‘yicha kvotalar ham belgilangan. Talabalarni yollashda turli usullar qo‘llanmoqda. Ularga Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolash evaziga katta miqdorda pul, ayrim ta’lim muassasalarida esa qo‘shimcha to‘lovlar va’da qilinmoqda.
Shuningdek, harbiy xizmat “uchuvchisiz tizimlar qo‘shinlari”da zamonaviy texnologiyalar bilan ishlash va kelajak uchun foydali kasbiy ko‘nikmalarni egallash imkoniyati sifatida targ‘ib qilinmoqda.
Nashrning yozishicha, targ‘ibot materiallarida harbiy xizmatni o‘qish bilan birga olib borish mumkinligi, armiyaga yuborilish esa “akademik ta’til” sifatida rasmiylashtirilishi aytilmoqda. Talabalarga xizmat muddati tugagach, o‘qishni davom ettirishi va harbiy xizmatdan bo‘shatilishi ham va’da qilinmoqda. Biroq ayrim oliygohlarda talabalar bunday yig‘ilishlarga majburan olib kelinayotgani, qatnashmaganlarga nisbatan jazo qo‘llanilishi bilan tahdid qilinayotgani ham qayd etilgan.
Shuningdek, o‘zlashtirishi past bo‘lgan talabalar rahbariyat huzuriga alohida chaqirilib, ular bilan shartnoma imzolash bo‘yicha suhbatlar o‘tkazilayotgani aytilmoqda.
Ta’kidlanishicha, reklama qilinayotgan va’dalar amaldagi holatga mos kelmaydi. Huquqshunos Artyom Kliganing ma’lum qilishicha, oliygohlar orqali tuzilayotgan shartnomalar oddiy harbiy kontrakt bo‘lib, uni muddatidan oldin bekor qilishning huquqiy imkoniyati mavjud emas. Bundan tashqari, “uchuvchisiz tizimlar qo‘shinlari”da xizmat qilish ham kafolatlanmaydi va harbiy xizmatchi boshqa bo‘linmalarga, jumladan, piyoda qo‘shinlariga o‘tkazilishi mumkin.
Huquqshunos talabalarni Rossiya Mudofaa vazirligi bilan bunday shartnomalar tuzmaslikka chaqirib, qonunchilikda xizmatni o‘z xohishiga ko‘ra tark etish yoki urushdan sog‘ qaytish bo‘yicha hech qanday kafolat yo‘qligini ta’kidlagan.