Rossiya Ukrainada “Maydan 3” tayyorlamoqda – Zelenskiy
Olam
−
17 noyabr 2023
14504Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiyaning mamlakatda “Maydan 3” tashkil etish va Zelenskiyni lavozimidan chetlashtirish rejasi borligini aytdi. Bu haqda “Bloomberg” xabar berdi.
"Bizning razvedkada hamkorlarimizdan olingan ma’lumotlar bor", degan Zelenskiy.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu reja Kremlda "Maydan 3" deb nomlanadi. Bu Ukraina jamiyatida bo‘linish, tartibsizlik yaratish va oxir-oqibat Zelenskiyni lavozimidan olib tashlashdir.
"Ular uchun Maydan to‘ntarish, shuning uchun operatsiyani tushunish mumkin", deydi Prezident.
Shuningdek, Zelenskiy Ukraina muzlatilgan mojaroga rozi bo‘lmasligini va frontda qishki janglarga tayyorlanayotganini yana bir bor ta’kidlagan.
Oldinroq “Online.ua” nashri Ukraina huquq-tartibot idoralaridagi manbalariga tayanib, Ukrainani beqarorlashtirish maqsadida tayyorlanayotgan “Maydan 3” keng ko‘lamli axborot hujumi haqida yozgan. Unga ko‘ra, Rossiya maxsus xizmatlari tomonidan axborot kampaniyasi 2023 yilning noyabr-dekabr oylariga mo‘ljallangan. Shuningdek, operatsiya kuratori Kreml siyosiy bloki rahbari Sergey Kiriyenko, mafkurachisi esa Rossiya Federatsiyasi Prezidentining sobiq yordamchisi Vladislav Surkov bo‘lgani aytiladi.
Ma’lumot uchun, "Maydan" so‘zi ochiq maydon yoki park degan ma’noni anglatadi. Kiyevning markaziy maydoni, “Maydan Nezalejnosti” yoki oddiygina Maydan butun dunyoga mashhur bo‘lib, shu yerda Ukraina uchun eng muhim voqealar turli vaqtlarda sodir bo‘lgan. Maydan, rasmiy nuqtai nazardan, Kiyev markazida joylashgan Mustaqillik maydoni hududining bir qismidir. Aynan u yerda 2004 va 2013-2014 yillarda norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tgan.
2004 yilda Viktor Yanukovich va Viktor Yushenko Ukraina prezidentligi uchun kurashgan. Yanukovich saylovlarda g‘alaba qozondi, ammo uni ovozlarni soxtalashtirishda ayblandi. Mamlakatda ommaviy norozilik namoyishlari boshlandi. Mitinglardan so‘ng ovoz berishning ikkinchi bosqichi bo‘lib o‘tdi, Yushenko g‘alaba qozondi. U 2010 yilgacha prezidentlik lavozimida ishlagan. Keyin uning o‘rnini Yanukovich egalladi.
2013 yilda Ukraina rahbari Rossiya va MDH davlatlari bilan munosabatlarni mustahkamlashga qaror qildi va shu bois Yevropa Ittifoqi bilan erkin savdo sohasida hamkorlikka tayyorgarlikni to‘xtatdi. Bu Ukrainada yana ommaviy noroziliklarni keltirib chiqardi. 2014 yilda qurolli to‘qnashuvlarda 104 namoyishchi va 17 xavfsizlik kuchlari halok bo‘lgan. Keyin Yanukovich Kiyevdan qochib ketdi. Uning o‘rnini Pyotr Poroshenko egallagan.
LiveBarchasi