Rossiya Ukrainada energetiklarning avtobusiga zarba berdi. Qurbonlar bor 

Olam

image

Kecha, 1 fevral kuni Rossiya dronlari Ukrainaning Pavlograd tumanidagi energetika korxonasi xodimlarini olib ketayotgan avtobusga zarba berdi. Hujum oqibatida 12 nafar xodim halok bo‘ldi, yana 16 kishi jarohatlandi. Bu haqda Ukraina Energetika vazirining birinchi o‘rinbosari Artyom Nekrasov malum qildi.

Nekrasovga ko‘ra, Rossiya hujumlari nafaqat energetika infratuzilmasiga, balki oddiy fuqarolarga ham ochiq zarar yetkazmoqda. Hujumlar oqibatida Xarkov, Sumi, Dnepr va Cherkassi viloyatlarida iste’molchilar elektr ta’minotisiz qolgan. Bundan tashqari, murakkab ob-havo sharoiti sababli Odessa, Nikolayev va Kirovograd viloyatlaridagi 160 dan ortiq aholi punktlari hamon elektrsiz qolmoqda.

“Dushman hujumlari oqibatida zarar ko‘rgan energetika ob’ektlarida tiklash ishlari davom etmoqda. Energiya tizimining barqaror ishlashini ta’minlash uchun barcha choralar ko‘rilmoqda”, deb bayonot bergan Ukraina Energetika vazirligi. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kiyev va Ukrainaning boshqa shaharlariga anomal sovuq havo tufayli bir hafta davomida hujum qilmaslikka rozi bo‘lganini aytgan edi. Mazkur holat energetik sulh masalasi faqat rasmiy tusda qolayotganini, amalda esa boshqa ishlar bo‘layotganini ko‘rsatadi.

Kreml bu kelishuvni tasdiqlagan. Biroq, uning muddatini 1 fevralgacha qisqartirgan. Ukraina Prezidenti Zelenskiy esa Moskva va Kiyev o‘rtasida energetik sulh bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri kelishuv bo‘lmaganini qayd etgan. Unga ko‘ra, Ukraina Rossiya energetikasiga hujum qilmaslikka tayyor, biroq bu qaror faqat bir taraflama bo‘lmasligi kerak.

Sunnatova Farangiz


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Rossiya Ukraina Qurbonlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing