Rossiya – Ukraina urushi yana avjiga chiqdi
Tahlil
−
11:20 3281 5 daqiqa
Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush yana jonlandi. Rossiya tunda Ukraina shaharlariga keng ko‘lamli zarbalar berdi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning ta’kidlashicha, tun davomida Rossiya tomonidan Ukraina hududiga 656 ta dron va 73 ta raketa uchirilgan. Zarbalar natijasida Kiyev va Dnepr eng ko‘p zarar ko‘rdi, bu hududlarda 23 kishi halok bo‘ldi. Mamlakat bo‘ylab 100 dan ortiq kishi jarohatlangan. Zelenskiy mamlakatga qarshi yana bir yirik hujum 3 iyun kechasi sodir bo‘lishi mumkinligi haqida ogohlantirdi. Rossiyaning ushbu yirik hujumiga Ukraina ham munosib javob qaytardi. 3 iyun kuni ertalab dunyoning yirik tadbirkorlari, investorlari va siyosatchilarini birlashtiradigan Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi boshlanish arafasida shahar dronlar hujumiga uchradi. Xo‘sh, Rossiya nozik mehmonlarini hujumlardan qanday himoya qiladi? Yaqin daqiqalarda Qalampir.uz bu haqda batafsil ma’lumot beradi.
Rossiya Kiyevga qaqshatqich zarba berdi
Rossiya 2 iyunga o‘tar kechasi Ukraina shaharlariga keng ko‘lamli hujum uyushtirdi. Bu bir necha oy ichidagi eng halokatli hujumlar sifatida baholanmoqda. Prezident Vladimir Zelenskiyning ma’lum qilishicha, mamlakat bo‘ylab jami 656 ta zarba beruvchi dron va 73 ta turli xil ballistik hamda qanotli raketalar uchirildi.
Asosiy zarba poytaxt Kiyevga berildi. O‘nlab turar-joy binolari va fuqarolik infratuzilmasiga zarar yetgan. Ukraina poytaxtida halok bo‘lganlar soni 7 kishiga yetdi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 90 kishi jarohatlangan, 38 nafar fuqaro kasalxonaga yotqizilgan.
Dneprda esa, 4 qavatli uyning bir qismi vayron bo‘ldi. Hujum oqibatida 16 kishi, jumladan, bir bola halok bo‘ldi, 42 kishi jarohatlandi. 6 kishi esa, bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda, ularni qidirish ishlari davom etmoqda.
Hujum qurbonlari orasida o‘t o‘chirish-qutqaruv otryadi boshlig‘i o‘rinbosari, mayor Anton Yarmolenko ham bor. U zarba paytida aynan chaqiruv bo‘yicha ketayotgan edi.
Ukraina Qurolli Kuchlarining ma’lumotlariga ko‘ra, Kaspiy dengizi hududidan “Kalibr” raketalari uchirilgan. Hujumlarda jami 73 ta raketa va 656 ta turli xil dronlardan foydalanilgan. Ular orasida 5 ta “Kalibr”, 33 ta “Iskander-M” ballistik raketasi, 27 ta X-101 qanotli raketasi va 8 ta 3M22 “Zirkon” raketasi borligi ma’lum qilingan. Ukraina tomoni 33 ta raketa va 33 ta dron nishonga tekkanini, 40 ta raketa va 602 ta dron esa urib tushirilganini yoki yo‘q qilinganini ma’lum qildi.
Bundan tashqari, Xarkov, Kiyev, Nikolayev, Zaporoje, Poltava, Sumi, Chernigov va Xmelnitskiy viloyatlari ham hujumga uchradi. Xususan, Xarkovda energetika infratuzilmasi zarar ko‘rdi. Hozirda jabrlangan hududlarda 500 dan ortiq qutqaruvchilar ishlamoqda. Ukraina Ichki ishlar vazirligi rahbari Igor Klimenkoning so‘zlariga ko‘ra, poytaxtda qutqaruvchilar kechadan beri deyarli barcha tumanlarda – 29 ta hududda ish olib borgan. Yong‘inlarning aksariyati o‘chirildi, Kiyevning 5 ta tumanida 6 ta faol nuqtada ishlar davom etmoqda. Umumiy hisobda 100 dan ortiq kishi jarohatlangan.
“Keng ko‘lamli hujum va Rossiyaning mutlaqo ochiq bayonoti: agar Ukraina ballistik va boshqa raketa zarbalaridan himoyalanmasa, bu hujumlar davom etaveradi. Urush nihoyasiga yetishi uchun Yevropaning o‘z antiballistik tizimi bo‘lishi kerak. Shuningdek, Patriot tizimlari uchun raketalar yetkazib berishda AQSHning yordami juda muhim. Biz hamkorlarimizni qo‘llab-quvvatlashiga va bugungi zarbaga nisbatan samarali javob qaytarishlariga umid qilamiz”, – dedi Zelenskiy.
Rossiya Mudofaa vazirligi “Kiyev rejimi tomonidan sodir etilgan terrorchilik harakatlariga javoban” Kiyev, Zaporoje, Xarkov va Dnepropetrovskdagi mudofaa-sanoat majmuasi korxonalariga, shuningdek, Poltava, Xmelnitskiy va Sumi viloyatlaridagi Ukraina Qurolli Kuchlari manfaatlari yo‘lida foydalaniladigan yonilg‘i va transport infratuzilmasi hamda harbiy aerodromlarga gipertovushli aeroballistik raketalar va uchuvchisiz uchish apparatlari yordamida ommaviy zarba berganini ma’lum qildi.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 2 iyun kuni tungi bombardimonlardan so‘ng aholini yana bir yirik hujum ehtimoli haqida ogohlantirgandi.
“Bizning razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, bugun kechqurun yana bir keng ko‘lamli hujum sodir etilishi mumkin”, dedi Zelenskiy o‘zining tungi videomurojaatida.
Ukraina Rossiyaga munosib javob qaytardi
Rossiya muhim xalqaro tadbir oldidan jiddiy hujumga uchradi. 3 iyun kuni ertalab Ukraina dronlari Rossiyaning Sankt-Peterburg shahri Kronshtadt, shuningdek, Kirov va Krasnoselsk tumanlaridagi infratuzilma ob’ektlariga hujum qildi. Oqibatda bir necha kishi jarohatlandi, ayrim ob’ektlarga zarar yetdi. Ushbu hujum shaharda 3-6 iyun kunlari bo‘lib o‘tadigan Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumining birinchi kunida sodir bo‘ldi. Muhim tadbirning ochilish kunida esa, hammasi ostin-ustun bo‘lib ketdi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hujum oqibatida Rossiyaning Boltiqbo‘yi mintaqasidagi suyuq yuklarni qayta yuklash bo‘yicha eng yirik terminallardan biri – Peterburg neft terminalida yong‘in sodir bo‘lgan. U yiliga 12,5 million tonna mahsulot o‘tkazish quvvatiga ega bo‘lib, neft mahsulotlarini saqlash uchun mo‘ljallangan 21 ta rezervuarni o‘z ichiga oladi. Ushbu korxona Rossiya xavfsizligini ta’minlashda strategik ahamiyatga ega.
3 iyunga o‘tar kechasi Leningrad viloyatida ob-havo bo‘yicha ogohlantirish e’lon qilindi. Viloyat gubernatori Aleksandr Drozdenko 59 ta dron urib tushirilganini ma’lum qildi. Lujskiy tumanida dron parchalari to‘rtta xususiy uyga zarar yetkazgan, hozircha jabrlanganlar haqida ma’lumot yo‘q.
“Pulkovo” aeroportida samolyotlarni qabul qilish va jo‘natishga cheklovlar joriy etilgan, “Rosaviatsiya” shuningdek, Leningrad viloyatining bir qator tumanlari havo hududini cheklab qo‘ygan. Sankt-Peterburg aholisi esa, ertalabdan beri mobil aloqa va internetda uzilishlar kuzatilayotganini ma’lum qilmoqda. Foydalanuvchilar ayrim saytlar ochilmayotgani, messenjerlar faoliyatida ham nosozliklar yuzaga kelganidan shikoyat qilishgan.
Bu holatlar dunyoning yirik tadbirkorlari, investorlari va siyosatchilarini birlashtiradigan Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi boshlanish arafasida yuz bermoqda. 5 iyun kuni forumda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin nutq so‘zlashi rejalashtirilgan. Xususan, oliy darajadagi mehmonlar orasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ham bor. Davlat rahbari Putinning taklifiga binoan 4 iyun kuni Sankt-Peterburg shahriga rasmiy tashrif bilan boradi.
Live
Barchasi