1 yil o‘tdi. Putin Zelenskiyni “tavbasiga tayantirolmadi”

Tahlil

image

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirganiga joriy yilning 24 fevral kuni bir yil to‘ladi. Bu mojaro boshlanganida ko‘pchilik, hatto Rossiyaning o‘zi ham Ukrainani bir necha hafta ichidayoq “tavbasiga tayantira olishi”ga ishonchi komil edi. Biroq mana oradan bir yil o‘tibdiki, urush nihoyasidan darak yo‘q. O‘z o‘rnida Ukraina ham umuman bo‘sh kelmayapti.

Umumjahon iqtisodiy tizimiga katta zarar yetkazib kelayotgan urush – “maxsus harbiy operatsiya”, “natsizmga qarshi kurash” kabi shiorlar ostida tinch aholini qirib tashlash orqali namoyon bo‘lmoqda. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yil 24 fevraldan 2023 yil 15 fevralgacha bo‘lgan davr mobaynida Ukrainada 8006 nafar tinch aholi halok bo‘lgan, 13 287 kishi esa yaralangan. Shuningdek, qurbonlar soni aslida ancha ko‘p bo‘lishi mumkinligi ta’kidlandi, biroq barcha ma’lumotlar hali rasman tasdiqlanmagan.

Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mojaro qanchadan-qancha talafotlarga sabab bo‘layotganiga qaramay, tomonlarning qat’iy hujumkor ruhdagi harakatini bostira olgani yo‘q. Aslida kimning pozitsiyasi to‘g‘ri ekanligi borasida aniq to‘xtam bo‘lmasada, urush boshlanishiga ta’sir etuvchi sabablar talaygina.

QALAMPIR.UZ ushbu maqolada aynan o‘sha sabablar, ko‘plab insonlar hayotini tubdan o‘zgarishiga olib kelgan omillarni tahlil qiladi. 

Ukraina mustaqil bo‘lgach, Rossiya bilan aloqalari qanday edi?

1991 yil Sovet Ittifoqi parchalanishi bilan Ukraina ham bir necha davlatlar qatorida mustaqillikka erishdi. Biroq ba’zi jabhalarda Rossiyaga qaramligi saqlanib qoldi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina doimo Rossiyaning bir bo‘lagi ekanini, ruslar va ukrainlar alohida xalq emasligini bir necha bor ochiq takrorlagan.

Moskva Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) va arzon gaz ta’minoti orqali Ukrainada o‘z ta’sirini saqlab qolishga umid qilgan. Ammo taxmin qilinganidan ko‘ra boshqacharoq bo‘ldi. Rossiya va Belarus o‘rtasida ittifoq tuzildi, Ukraina esa tobora ko‘proq G‘arbga suyana boshladi. Bu holat Kremlni g‘azablantirdi.

Ukraina SSSRdan kuchli armiya va dunyodagi uchinchi yirik yadro arsenalini meros qilib oldi. Sobiq Sovet ittifoqidan qolgan raketalarni meros qilib olishni rad etdi, ularni xavfsizlik kafolatlari (Budapesht memorandumi) va iqtisodiy yordam evaziga Rossiyaga topshirdi. G‘arb Ukrainaga javob bermagan va uni o‘z tuzilmalariga qo‘shmoqchi bo‘lmagan davrgacha, Moskvaning rasmiy Kiyevga munosabati xayrixoh bo‘lgan. 1992 yilda Qora dengiz floti patrul kemasi Ukraina bayrog‘ini ko‘tarib, Sevastopoldan Odessaga jo‘nab ketganida, havoda otishma bo‘lgan voqeadan tashqari, dastlabki o‘n yillikda ular o‘rtasida hech qanday otishma yoki qurolli to‘qnashuv yuz bermagan.

Sovet Ittifoqi qulaganidan keyingi birinchi o‘n yillikda Rossiya iqtisodiy jihatdan zaif edi, chechenlar bilan urush esa ko‘plab resurslarning sarflanishiga olib kelgan. 1997 yilda Qora dengiz flotini bo‘lish va “Katta shartnoma”ni imzolash orqali Rossiya Federatsiyasi Ukraina chegaralarini, shu jumladan, Qrimni ham tan oldi.

So‘nggi yillar davomida Ukraina Yevropa Ittifoqi va NATO bilan yaqin aloqalar o‘rnatishga erishdi va Rossiyaning ko‘magini rad etishni boshladi. Shubhasiz, Rossiya bu holatga jiddiy qarshilik ko‘rsatdi.

Vladimir Putin Moskva va Kiyev o‘rtasidagi birinchi yirik inqirozni  boshlab berdi. 2003 yilning kuzida Rossiya to‘satdan Kerch bo‘g‘ozida Ukrainaning Tuzla oroli tomon to‘g‘on qurishni boshladi. Kiyev bu holatni chegaralarni qayta taqsimlashga urinish, deb qabul qildi. Mojaro ikki davlat Prezidentlarining o‘zaro kelishuvi orqali bartaraf etildi. Qurilish to‘xtatildi, ammo ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik aloqalariga darz ketdi.

Ukrainada ichki nizolarning avj olishi. Yanukovichning “qilmishlari”

2004 yilda Ukrainada prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tdi. Prezidentlikka asosan ikki nomzod da’vogarlik qildi. Birinchi nomzod Rossiyaga yaqinlashish tarafdori bo‘lgan Viktor Yanukovich, ikkinchisi esa asosan Yevropa Ittifoqi bilan integratsiyani kuchaytirish tarafdori bo‘lgan Viktor Yushenko edi.

Saylovda Yanukovich g‘alaba qozondi. Biroq muxolifat yetakchisi Viktor Yushenko saylov natijalarini tan olmadi. Oqibatda uning tarafdorlari mamlakatda norozilik namoyishlarini boshlab yubordi.

Namoyishlar ortidan Ukraina Oliy sudi saylov natijalarini tekshirishni boshladi. Tekshiruv natijasiga ko‘ra, ovoz hisoblashda qonun buzilishi holati aniqlandi. Shundan so‘ng, ikkinchi tur natijalari bekor qilindi va uchinchi tur o‘tkazildi. Bu safar Yushenko g‘alaba qozondi va mamlakat Prezidentiga aylandi. Shunday qilib, Ukrainada G‘arb pozitsiyasi mustahkamlandi. Ayni shu voqealardan so‘ng, Ukraina Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar ipi taranglashdi.

2010 yilda o‘tkazilgan keyingi prezidentlik saylovida Viktor Yanukovich g‘alaba qozondi. Tabiiyki, Rossiya bilan munosabatlar qayta tiklandi. Qora dengiz floti bo‘yicha Xarkov shartnomasi imzolanib, unga ko‘ra, ijara muddatini yana yigirma besh yilga uzaytirish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

2014 yil Ukrainaning janubi-sharqida yangi hokimiyat siyosatiga rozi bo‘lmagan aholi Donetsk, Lugansk va Xarkov viloyatlaridagi bir qancha ma’muriy binolarni qo‘lga oldi. Donetsk viloyati davlat ma’muriyati va Ukraina xavfsizlik xizmatining Luganskdagi idorasi binolari to‘sib qo‘yildi.

Ukrainaning sharqiy viloyatlari – Dnepropetrovsk, Donetsk, Lugansk, Xarkov va boshqalarda “Yevromaydon” muxoliflarining ommaviy mitinglari o‘sha yilning mart oyida boshlandi.

Ukrainada avj olgan tartibsizliklar ortidan, Rossiyaning ta’siri kuchli bo‘lgan mamlakatning janubi-sharqiy hududlarida qurolli harakatlar boshlanib ketdi. Rossiya Donetsk va Luganskdagi rus ayirmachilaridan foydalandi. Ular Ukrainadagi yangi hukumatni tan olmadi. 2014 yil 7 aprel kuni Donetsk, 27 aprel kuni Lugansk mustaqilligini e’lon qildi. 11 may kuni tan olinmagan har ikki yangi respublikada referendum o‘tkazildi. Unda aholining ko‘pchilik qismi Rossiyaga qo‘shilishga ovoz berdi. Tabiiyki, bu qaror Ukrainaga yoqmadi va Donetsk hamda Luganskka o‘z harbiylarini yubordi. Oqibatda urush boshlanib ketdi. Rossiya separatistlarga qurol-yarog‘ va harbiy kuchi bilan yordam berdi.

Yanukovich mamlakat sharqidagi urushni “Haqiqatga aylangan dahshatli tush”, deb atadi. Sobiq prezident so‘zlariga ko‘ra, agar u prezident bo‘lganida bunday fojia sodir bo‘lmagan bo‘lar edi. U Qrimni Ukrainaga qaytarish real fikr emas deb hisobladi.

“Qrim xalqining 90 foizi Ukrainadan ajralib chiqishga ovoz berdi. Bu mitinglar, radikal millatchilik harakatlari oqibatida sodir bo‘ldi. Men hech qanday buyruq bermaganman. Birinchidan, bu mening vakolatim emas. Ikkinchidan, men kuch ishlatishga, xususan, otishmaga qarshi ekanligimni ochiq aytdim”, deya qo‘shimcha qildi sobiq rahbar.

Harbiy ittifoqqa tezda a’zo bo‘lib kirishning iloji bo‘lmagani sababli Ukraina Yevropa Ittifoqi bilan assotsiatsiya shartnomasi orqali iqtisodiy integratsiya yo‘nalishini belgilab oldi. 2013 yilning yozida, imzolanishi mumkin bo‘lgan assotsiatsiya shartnomasidan bir necha oy oldin, Rossiya Ukrainaga katta iqtisodiy bosim o‘tkaza boshladi, chegarada Ukraina eksportini deyarli to‘xtatishgacha bordi. Shu yilning kuzida, 2010 yilda prezident bo‘lgan Yanukovich hukumati Rossiya Federatsiyasi bosimini bahona qilib, Bryussel bilan shartnoma imzolashga tayyorgarlikni to‘xtatganini e’lon qildi.

Yanukovichning qarori Ukrainada noroziliklarga sabab bo‘ldi va u 2014 yil fevralida Rossiyaga qochib ketdi.

2014 yil iyun oyi boshida Fransiyada Ikkinchi jahon urushi ittifoqchilarining Normandiyada qo‘shin tushirishining 70 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarda Ukrainaning yangi saylangan Prezidenti Pyotr Poroshenko Germaniya va Fransiya yetakchilari vositachiligida birinchi marta rossiyalik hamkasbi Putin bilan uchrashdi. Yozda Ukraina armiyasi separatistlarni Donbassdan siqib chiqara boshladi, biroq avgust oyi oxirida Rossiya, Kiyevga ko‘ra, Donbassda o‘z armiyasini keng miqyosda ishga solgan. Moskva esa buni rad etgan. Ukraina qo‘shinlari mojaroning eng yuqori nuqtasida – Ilovaysk yaqinida mag‘lubiyatga uchradi. Butun front chizig‘i bo‘ylab urush sentyabr oyida Minskda o‘t ochishni to‘xtatish bitimi imzolanishi bilan yakunlandi, lekin u ham tez orada buzildi.

Minsk kelishuvidan qanday maqsad ko‘zlangan edi?

2014-2015 yillarda Minsk kelishuvi qabul qilindi. Unda Donbassdagi vaziyatni hal qilish bo‘yicha asosiy chora-tadbirlar dasturi belgilandi. Ushbu dastur uch tomonlama aloqa guruhi – Ukraina, Rossiya hamda Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) vakillaridan iborat bo‘ldi. YeXHT nomidan bitimni tashkilot rahbarining Ukraina bo‘yicha maxsus vakili Xaydi Tagliavini, Ukraina tomonidan mamlakatning ikkinchi prezidenti Leonid Kuchma, Rossiya tomonidan elchi Mixail Zubarov imzoladi. Hujjatlarga Donetsk raxbari Aleksandr Zaxarchenko va Lugansk raxbari Igor Plotnitskiy ham imzo qo‘ydi.

2014 yilning 5 va 19 sentyabr kunlari imzolangan protokol va memorandumlar dastlabki hujjatlar bo‘lgan. 2015 yil 12 fevralda esa 2-Minsk kelishuvi (“Minsk 2”) imzolandi. Ushbu hujjatning qabul qilinishi o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan Donetsk va Lugansk qurolli kuchlari o‘rtasidagi Ukraina armiyasi bilan janglardan so‘ng bo‘lib o‘tdi. Bu jang Debalsevo viloyatining militsiya tomonidan bosib olinishi bilan yakunlandi. Bu voqeadan keyin Minskda Rossiya, Ukraina, Fransiya va Germaniya rahbarlari – Vladimir Putin, Pyotr Poroshenko, Fransua Olland va Angela Merkel ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. “Minsk 2” hujjati shu guruh tomonidan imzolandi va to‘rtta davlat rahbarlari uni o‘z deklaratsiyasi bilan qo‘llab-quvvatladi. 

Kelishuvga muvofiq:

  • tomonlar o‘t ochishni to‘xtatishga va o‘z otryadlarini to‘qnashuv chizig‘idan olib chiqishga va’da berishlari kerak;
  • bufer zonasi hududida og‘ir qurollarning bo‘lishi qat’iyan taqiqlangan;
  • YeXHT kuzatuvchilari ushbu qoidalarnining bajarilishini nazorat qilishlari;
  • “hammasi hamma uchun” tamoyili bo‘yicha mahbuslarni almashishdan tashqari, to‘qnashuv ishtirokchilarining amnitsiya qilinishi, iqtisodiy aloqalarni tiklash zarur edi.

Ukraina tomoni Donetsk va Lugansk viloyatlari ayrim tumanlarining alohida maqomi to‘g‘risidagi qonunning qabul qilinishi va ularning vakillari pozitsiyasini hisobga olgan holda mahalliy saylovlar o‘tkazishi lozim edi. Saylovlarning ertasiga Ukraina davlat chegarasini to‘liq nazoratga olishi kerak bo‘lgan.

Yana bir shart Ukrainada islohotni amalga oshirish bo‘lib, u mamlakat konstitutsiyasiga “Donetsk va Lugansk viloyatining ayrim hududlari” xususiyatlarini hisobga olgan holda markazsizlashtirish konsepsiyasini kiritishni nazarda tutgan.

Yetti yil davomida uzoq muzokaralardan so‘ng, tomonlar majburan ushlab turilgan shaxslarni almashishgagina erishdi. Kelishuvning boshqa birorta punktidagi shartlar bajarilmadi.

2019 yilda aloqa guruhi a’zolari Shtaynmayer formulasini qabul qildi. Unga ko‘ra, maxsus maqom to‘g‘risidagi qonun Donetsk va Luganskdagi mahalliy saylovlardan keyin kuchga kirishi kerak edi. Qonun orqali qurolli tuzilmalarni yana avvalgi pozitsiyalarga olib chiqish ko‘zlangan. Ushbu qarorning qabul qilinishi Kiyevdagi muxolifatning noroziligiga sabab bo‘ldi. Natijada partiyalar saylov o‘tkazish tartibini kelisha olmadi.

Putinning “haqiqatlari”: Rossiya nega urush boshladi?

Ukrainani alohida mustaqil davlat sifatida tan ololmagan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin urush aslida uning xohishi bilan emas, aksincha bir qancha omillar tufayli boshlanganini ro‘kach qilib keladi.

2022 yilning fevral oyi Moskvada Vladimir Putin Germaniya kansleri Olaf Shols bilan o‘tkazgan muloqotida  quyidagicha nutq so‘zladi:

“Nima bo‘ldi deb o‘ylaysiz? Men NATOning Ukraina hisobiga kengayishi haqida gapirmayapman, aslida bunday harakat biz uchun ham mutlaqo noto‘g‘ri edi va buni hamma bilardi. Ular bizning manfaatlarimizni mensimadi”, dedi Rossiya yetakchisi. 

Shuningdek, uning so‘zlariga ko‘ra, “maxsus harbiy operatsiya” deb atalmish urush boshlanishining ikkinchi sababi “Minsk kelishuvlarini bajarmaslik” bo‘lgan. 

“G‘arb kuratorlari ko‘magida Kiyev rejimi vakillari Minsk kelishuvidan oshkora voz kechdi. Bu biz uchun nimani anglatadi? Biz uchun Donbass bilan nimadir qilishimiz kerakligini bildiradi”, deya qo‘shimcha qildi Putin.

U uchinchi sabab sifatida Donetsk va Lugansk viloyatlarining vaqtincha ishg‘ol qilingan qismlarini Rossiya tarkibiga kiritish qarorini ko‘rsatdi va Ukraina Donbassni tinch qo‘ymasligini ta’kidladi.

2021 yil noyabr oyining boshlarida AQSH va NATO vakillari Rossiya qo‘shinlarining Ukraina bilan chegarasi yaqinida g‘ayrioddiy harakatlar borligini ma’lum qildi. Biroq Rossiya hukumati hujum qilish rejasi haqidagi taxminlarni rad etdi. 2021 yildan boshlab Rossiya Ukraina bilan chegarasi yaqinida Belarus hududidan ham katta bo‘lgan harbiy maydon qurdi. 2021 yil 27 dekabr kuni Rossiya Liberal-demokratik partiyasi asoschisi Vladimir Jirinovskiy Davlat Dumasida nutq so‘zlagan holda agar Ukraina yaqin kelajakda Minsk kelishuvini amalga oshirishni boshlamasa, Rossiya shu yilning 22 fevralida boshqa dastur qabul qilishini aytdi. 2022 yil 21 fevralda Rossiya Donetsk Xalq Respublikasi va Lugansk Xalq Respublikasini mustaqil davlatlar sifatida rasman tan oldi.

Shu voqeadan so‘ng, 24 fevral kuni erta tongda Rossiya davlati rahbari Ukrainaga qarshi “maxsus harbiy operatsiya” boshlanganini ma’lum qildi. U urushdan maqsad Ukrainani “demilitarizatsiya qilish” (harbiy harakatlar olib borilishi taqiqlangan hududga aylantirish) deya izohladi. Shunday qilib, Rossiya Federatsiyasi qurolli kuchlari nafaqat Donbassga, balki Ukraina shaharlari va uning harbiy infratuzilmasiga zarba berishni boshladi.

Umida Muxtorbekova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing