Rossiya-Ukraina chegarasi yaqinida snaryad portladi

Olam

image

Bugun, 19 fevral kuni Rossiyaning Ukraina bilan davlat chegarasidan 1 km uzoqlikda, Rostov viloyatining Tarasovskiy tumanida snaryad portladi. Bu haqda huquq-tartibot organlariga tayanib, TASS xabar berdi.

“Snaryad Rostov viloyati Tarasovskiy tumani hududida, Rossiyaning Ukraina bilan davlat chegarasidan bir kilometr uzoqlikda portlagan. Portlash Moskva vaqti bilan soat 04:00da, Mityakinskaya qishlog‘idagi xonadonlardan biridan 300 metr uzoqlikda sodir bo‘lgan. Bu haqda mahalliy aholi huquq-tartibot idoralariga xabar bergan”, deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, voqea joyida huquq-tartibot idoralari xodimlari ishlamoqda. Snaryad portlashi natijasida qurbonlar va vayronalar yo‘q.

Qayd etilishicha, ushbu portlash fakti bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va voqeaning barcha holatlarini har tomonlama chuqur tekshirish boshlangan. 

RIA Novostiga ko‘ra, chegara yaqinida portlagan snaryadlar soni ikkita bo‘lgan. Ikkinchi snaryad ham Rostov viloyatida portlagan.

Ukraina nashrlari ushbu holatga munosabat bildirib, bu Rossiyaning provokatsiyasi ekanini aytgan.

“AQSH uzoq vaqtdan beri Rossiya Ukrainaga keng ko‘lamli bosqinni oqlash uchun provokatsiyadan foydalanishi mumkinligi haqida ogohlantirib kelmoqda.

Xususan, AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken 17 fevral kuni Rossiya Federatsiyasining bostirib kirishiga mamlakat ichidagi uydirma deb atalmish terrorchilik hujumi, xayoliy ommaviy qabrning joylashuvi, tinch aholiga dronlar yordamida uyushtirilgan hujum, kimyoviy qurol yordamida qilingan haqiqiy hujum sabab bo‘lishi mumkinligini ma’lum qilgandi”, deyiladi xabarda.

Qayd etish kerakki, AQSH va G‘arb davlatlari so‘nggi oylarda Rossiyani Ukrainaga bosqin tayyorlashda ayblab kelyapti. AQSH Prezidenti Bayden shaxsan o‘zi Moskva 16 fevral kuni hujum boshlashini aytgandi. Ammo unday bo‘lmadi.

O‘z navbatida, Moskva Ukrainaga bostirib kirishga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqidagi ayblovlarni rad etib, chegaraga qo‘shin joylashtirilishi faqatgina harbiy mashg‘ulot uchun ekanini ta’kidlayotgandi. Kreml joriy yilning 20 fevraligacha mashg‘ulot o‘tkazishni belgilagandi. Rasmiy Moskva 15 fevral kuni chegaradagi qo‘shinlarini ortga qaytarishni boshlaganini e’lon qildi.

Biroq bu xabarlarga shubha bilan qaragan AQSH rahbariyati joriy yilning 17 fevral kuni Rossiya Ukraina bilan chegaradagi harbiy mavjudligini 7 ming kishiga oshirganini e’lon qildi. Rasmiylar Kreml “istalgan vaqtda Ukrainaga bostirib kirishni oqlash uchun yolg‘on bahonadan foydalanishi” mumkinligi haqida “dalil olishda davom etmoqda”.

Aytish joizki, hozirda Ukrainaning sharqiy hududlarida joylashgan rossiyaparast, o‘zini suveren deya atovchi hududlar: Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasi (DXR) yetakchilari aholini Rossiyaga evakuatsiya qilmoqda. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin esa zaxiradagi askar hisoblanuvchi barcha Rossiya Federatsiyasi fuqarolarini harbiy tayyorgarlikka chaqirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

254

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing