Kurs UZS

USD

12 968.38

-4.93

EUR

14 343.03

14.01

RUB

152.37

1.18

Rossiya Ukraina bo‘ylab dron hujumi uyushtirdi. Qurbonlar bor

Olam

image

Kecha, 3 aprel kuni Rossiya armiyasi yana Ukrainaning yirik shaharlariga dronlar bilan zarba berdi. Hujum oqibatida 4 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Xarkov meri Igor Terexov ma’lum qildi.

Bildirilishicha, Novobavarsk tumanida olti dona kamikadze droni qayd etilib, ular turarjoy binolariga, jumladan ko‘p qavatli uylarga urilgan.

“Juda ko‘p vayronagarchiliklar bor. Taxminan 30 ta ko‘p qavatli uy zarar ko‘rgan. Barcha dronlar juda zich joyga, bir necha kilometr radius ichida tushgan. Bu hududda katta turarjoy massivi joylashgan”, dedi Xarkov viloyat prokuraturasi vakili Dmitriy Chubenko.

Uylardan biridagi butunlay qulab tushgan podezd ostida odamlar qolgan. Turarjoy binolarida yong‘inlar ham yuz bergan. Terexovning so‘zlariga ko‘ra, hujum oqibatida to‘rt kishi halok bo‘lgan, yana 35 kishi tan jarohati olgan.

Shuningdek, 4 aprelga o‘tar kechasi Rossiyaning kamikadze dronlari Dnepr shahrini nishonga olgan. Bu haqda Dnepropetrovsk viloyati harbiy ma’muriyati rahbari Sergey Lisak ma’lum qildi. Hujum oqibatida yong‘inlar yuz bergan, bir nechta ma’muriy bino zarar ko‘rgan.

“Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ikki kishi jabrlangan. Ular joyida tibbiy yordam oldi”, dedi Lisak.

Dronlar hujumi poytaxt Kiyevga ham yetib borgan – Brovarskiy tumanida bir kishi jarohat olgan.

“Erkak shifoxonaga yotqizilgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, oyog‘i va bo‘ynidan jarohat olgan”, dedi Kiyev viloyati harbiy ma’muriyati rahbari Nikolay Kalashnik.

Shuningdek, to‘rtta yuk mashinasi va bitta yengil avtomobil yonib ketgan. Avtosalon binosida ham yong‘in chiqqan.

Rossiyaning dron hujumlari nishoniga aylangan yana bir shahar Zaporoje bo‘ldi. Viloyat harbiy ma’muriyati rahbari Ivan Federovning so‘zlariga ko‘ra, shaharga kamida yettita dron hujum qilgan, oqibatda bir kishi jabrlangan. Ombor binosi zarar ko‘rgan, noturar binolardan birida yong‘in chiqqan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya armiyasi Ukrainadagi Dnepr shahriga dronlar yordamida ommaviy hujum uyushtirgan edi. Hujum oqibatida Bartolomeo mehmonxonasi ham zarba ostida qolgan, to‘rt kishi halok bo‘lgan, 20 dan ortiq kishi yaralangan. Rossiya viloyat markaziga 20 dan ortiq dron yuborgan (ularning 16 tasi urib tushirilgan).  


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ukraina dron hujumi Xar'kov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing