Rossiya Turkiya qo‘llab-quvvatlayotgan jangarilarga zarba berdi. Bu ogohlantirishmi?

Olam

image

Rossiya aerokosmik kuchlarining Suriyaning Idlib viloyatiga uyushtirgan aviazarbalari oiibatida Turkiya tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan islomiy guruhlarning 50 dan ortiq jangarisi o‘ldirildi va o‘nlab odamlar yaralandi. Hujum Rossiya va Turkiya vositachiligi bilan mart oyida tuzilgan Idlibdagi sulhga tahdid solishi mumkin. Bu haqda BBC xabar bermoqda.

Aviazarba Turkiyaning Harim qishlog‘i chegarasiga yaqin joylashgan "Faylak ash-Shom" islomiy guruhining lageriga berilgan. Buyuk Britaniyada joylashgan Suriya Inson huquqlarini kuzatish markazining ma’lumotlariga ko‘ra, buning oqibatida 78 kishi halok bo‘lgan.

Tashkilotning ta’kidlashicha, jarohat olganlarning ko‘pi og‘ir ahvolda va o‘lganlar soni ko‘payishi mumkin.

Havo hujumi Suriya armiyasi mintaqadagi harakatini to‘xtatib, sulh imzolangandan beri amalga oshirilgan eng qonlisi bo‘ldi. Idlib viloyati isyonchilar va jangarilarning Suriyadagi so‘nggi tayanchiga aylandi. Shu paytgacha kelishuv deyarli buzilmagan edi.

Sulh e’lon qilingandan so‘ng, Turkiya Suriya Prezidenti Bashar Asad bilan bog‘liq kuchlarning har qanday hujumlariga javob berish huquqini o‘zida saqlab qolishini ma’lum qilgandi.

"Faylaq ash-Shom"ni o‘z ichiga olgan “Milliy ozodlik fronti” 26 oktyabr kuni Rossiya harbiy havo kuchlari pozitsiyalardan biriga zarba berganini, natijada, talafotlarga sabab bo‘lganini tasdiqladi. Qurbonlar soni haqida xabar berilmagan.

Ba’zi tahlilchilar amalga oshirilgan ushbu havo hujumi Moskvaning Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anga ogohlantirishidir, deb hisoblamoqda. Chunki uning qurolli kuchlari Armaniston bilan Tog‘li Qorabog‘ masalasida Ozarbayjonni qo‘llab-quvvatlamoqda.

Suriya Inson huquqlarini monitoring qilish markazining ma’lum qilishicha, "Faylaq ash-Shom"ning ba’zi jangarilari Ozarbayjon tomonidagi Tog‘li Qorabog‘da jang qilish uchun ketgani.

Ma’lumot o‘rnida, urushga qadar Idlibda olti ming kvadrat kilometr maydonda bir yarim milliondan ozroq aholi istiqomat qilardi. Endilikda ikki baravarga qisqargan hududda (qolgan yarmini Rossiya yordamida Asad qo‘shinlari egallagan) 3 millionga yaqin kishi, jumladan, bir million nafar bola yashamoqda.

2018 yil sentyabrda Rossiya, Turkiya va Eron Idlibda o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib olgandi. Viloyatni Turkiya qo‘l ostidagi Suriya muxolifati nazorat qilishi rejalashtirilgandi.
 


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Suriya Turkiya Idlib

Baholaganlar

401

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing