Rossiya tunda Kiyevni bombardimon qildi. Qurbonlar bor (video)
Olam
−
15:56 522 2 daqiqa
Rossiya bugun, 14 oktyabrga o‘tar kechasi va ertalab Kiyevga raketa va dronlar bilan hujum qildi. Oqibatda 4 kishi halok bo‘ldi, 27 kishi yaralandi. Bu haqda Kiyev shahar prokuraturasiga tayanib “Ukrinform” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Rossiya qo‘shinlari Kiyevning Desnyanskiy tumaniga hujum qilgan. 14 oktyabr kuni soat 8:50 holatiga ko‘ra, ushbu tumanda 3 nafar ayol halok bo‘lgan, 19 kishi yaralangan. Jarohatlangan 7 yoshli qizninng qo‘li kesilgan va kuygan.
Hujum oqibatida to‘qqiz qavatli turarjoy binosining birinchi qavatidan sakkizinchi qavatigacha bo‘lgan xonadonlarga zarar yetgan. Yaqin atrofdagi boshqa binoning derazalari ham sinib ketgan, buning oqibatida 5 kishi jarohatlangan.
Rossiya qo‘shinlarining Kiyevga hujumlari ertalab ham davom etgan. Goloseyevskiy tumanida yana 1 kishi halok bo‘lgan, bir kishi yaralangan. Shu tariqa, shaharga qilingan hujumlarda jami 4 kishi halok bo‘lgan, 27 kishi jarohatlangan. Qurbonlar va yaralanganlar soni bo‘yicha yakuniy ma’lumotlar aniqlashtirilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, huquq-tartibot idoralari xodimlari xususiy uylar va ko‘p qavatli turar joy binolari, avtomobillar, ofis binosi, qahvaxona, kutubxona, stadion hamda maktabga yetkazilgan zararni qayd etmoqda. Hujum oqibatlarini bartaraf etish uchun 100 nafardan ortiq politsiya xodimi jalb qilingan. Ular qutqaruvchilar, tibbiyot xodimlari va boshqa favqulodda xizmatlar bilan birgalikda ishlamoqda.
Kiyev shahar prokuraturasi nazorati ostida Rossiya harbiylari tomonidan sodir etilgan ehtimoliy urush jinoyati yuzasidan Ukraina Jinoyat kodeksining 438-moddasi 2-qismi bilan tergov boshlangan.
Rossiya hujumi oqibatida Kiyevning Darnitsa, Dnipro, Pechersk va Solomyanskiy tumanlarida, shuningdek, Goloseyevskiy tumanining bir qismida elektr ta’minotida favqulodda uzilishlar kuzatilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya qo‘shinlarining Ukraina shimoli-sharqidagi Xarkov viloyatining Pisochin aholi punktiga raketa zarbasi berishi oqibatida 3 kishi halok bo‘lib, 22 kishi jarohatlangandi.
Live
Barchasi