Rossiya Termiz poligonida o‘z qo‘shinlarini to‘plashni boshladi (video)
Jamiyat
−
30 iyul 2021
17084Rossiya harbiy xizmatchilari Afg‘oniston bilan chegara yaqinida avgust oyi boshida bo‘lib o‘tadigan qo‘shma mashg‘ulotlarda ishtirok etish uchun O‘zbekistondagi Termiz poligonida o‘z qo‘shinlarini to‘plashni boshladi. Bu haqda Rossiya Markaziy harbiy okrugi Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Afg‘oniston bilan chegaradosh hududdagi Termiz poligonida Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida o‘tkaziladigan qo‘shma mashg‘ulotlarda 1500 dan ziyod harbiy xizmatchi qatnashadi.
“Markaziy harbiy okrugining tinchlikparvar kuchlari bo‘linmalari va maxsus maqsadli brigadalari O‘zbekiston Respublikasi Surxondaryo viloyatida o‘tkaziladigan Rossiya va O‘zbekiston qo‘shma mashg‘ulotlarida ishtirok etish uchun Termiz poligonida qo‘shinlarni qayta yig‘ishni boshladi”, deyiladi bayonotda.
Ma’lum qilinishicha, Samara shahridagi “Kurumoch” aeroportida harbiy xizmatchilar Il-76 harbiy transport samolyotiga qurol va kiyim-kechak yuklagan, bojxona protseduralaridan o‘tgan va Termiz shahriga uchib ketgan.
Qayd etilishicha, 30 iyuldan 10 avgustgacha o‘tkaziladigan amaliy harakatlar davomida harbiy xizmatchilar Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlarining hududiy yaxlitligini ta’minlash bo‘yicha jangovar tayyorgarlik vazifalarini bajaradi.
Faollashgan “Tolibon” va Afg‘onistondagi keskinlik
Afg‘onistondagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat joriy yilning aprelida AQSH Prezidenti Jo Baydenning respublikada Amerika qurolli kuchlarining operatsiyasi yakuniga yetganini e’lon qilganidan so‘ng, ancha yomonlashdi.
Joriy yilning 13 iyul holatiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar o‘z qo‘shinlarining 95 foizidan ko‘prog‘ini Afg‘onistondan olib chiqib ketib bo‘ldi. Bu jarayon 31 avgustga qadar yakunlanishi kutilmoqda. Shtatlar kabi NATOning boshqa a’zolari ham Afg‘onistonni tark etmoqda. Jumladan, Italiya, Avstraliya va Germaniya kuchlari, allaqachon, mamlakatdan chiqib ketgan.
Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistonni tark etishi fonida “Tolibon” harakati mamlakat hududlari ustidan nazoratni o‘rnatish maqsadida hujumlarni kuchaytirmoqda. Toliblarning ta’kidlashicha, ular ayni paytda Afg‘onistonning 85 foizini nazorat qilmoqda. Bundan tashqari, harakat kuchlari bir qator qo‘shni davlatlar — Turkmaniston, Tojikiston, Eron va Pokiston bilan chegarada joylashgan nazorat punktlarini ham egallab olgan. Shunday bo‘lsa-da, harakat vakillari Afg‘onistondan tashqariga chiqmasliklarini va qo‘shni davlatlarga xavf solmasliklarini qayta va qayta ta’kidlamoqda.
LiveBarchasi