Rossiya Ta’lim vazirligi migrant bolalarga maktabni pulli qilishga qarshi chiqdi
Olam
−
07 avgust 2025 5865 1 daqiqa
Rossiya Ta’lim vazirligi chet ellik mehnat migrantlarining bolalari uchun maktab ta’limini pulli qilish taklifiga qarshi chiqdi. Bu haqda vazirlikning Davlat umumiy ta’lim siyosati va maktabgacha ta’limni rivojlantirish bo‘yicha departamenti rahbari Aleksandr Reut ma’lum qildi.
Reutning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Konstitutsiyasiga binoan mamlakat hududida yashayotgan barcha shaxslar, jumladan fuqarolar ham, xorijliklar ham ta’lim olish huquqiga ega. U bu huquq umumiy va ajratilmagan huquq ekanini eslatib o‘tgan.
Biroq bundan avval, Rossiya Davlat dumasining ijtimoiy siyosat bo‘yicha qo‘mitasi rahbari Yaroslav Nilov 1-sinfdan 11-sinfgacha bo‘lgan maktabda chet elliklarning farzandlarini bepul o‘qitishni taqiqlovchi qonun loyihasini taklif qilgan edi. Uning fikricha, chet ellik fuqarolarning bolalari, yoshidan qat’i nazar, pulli asosda o‘qishi kerak.
Deputat Yaroslav Nilov 2024 yilning sentyabr oyida Rossiya fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning bolalari uchun bog‘cha va maktablarda bepul ta’lim olishni bekor qiluvchi qonun loyihasini ishlab chiqqandi. Qonun loyihasida “Rossiya Federatsiyasi ta’lim to‘g‘risida”gi qonuniga o‘zgartirish kiritish taklif qilingandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyati va inson huquqlari bo‘yicha kengash raisi Valeriy Fadeyev farzandlari rus maktablarida o‘qimaydigan mehnat muhojirlarining oilalarini mamlakatdan chiqarib yuborishga chaqirgandi.
Live
Barchasi