Rossiya Shimoliy Koreyaga harbiy yordam evaziga guruch beradi
Olam
−
04 noyabr
5023Rossiya va Shimoliy Koreya o‘rtasida Pxenyanga moliyaviy va oziq-ovqat inqirozini yengishga yordam beruvchi bitim imzolandi. Unga ko‘ra, Rossiya KXDRga qo‘llab-quvvatlagani uchun kompensatsiya sifatida katta miqdorda guruch yetkazib beradi. Bu haqda Janubiy Koreya parlamentining Razvedka qo‘mitasi a’zosi Vi Son Lakga tayanib, “Korea Herald” xabar berdi.
Qayd etilishicha, KXDR yiliga taxminan to‘rt million tonna don yetishtiradi, lekin bu aholini ta’minlash uchun yetarli emas. Chunki, mamlakatda yillik ehtiyoj kamida besh million tonnani tashkil qiladi. Agar Rossiya 600-700 ming tonna guruch taklif qilsa, bu Shimoliy Koreyaning yillik ehtiyojining bir qismini qoplashga yetadi.
Vi Songa ko‘ra, ilgari Rossiya Shimoliy Koreyaga 50-100 ming tonna guruch eksport qilgan. Yangi kelishuv esa Rossiyaning Shimoliy Koreyaga yetkazib beriladigan don hajmini bir necha barobar oshirish imkonini beradi.
Ma’lumot uchun, Rossiya va KXDR o‘rtasida har tomonlama strategik hamkorlik to‘g‘risida bitim mavjud. Ushbu hujjatning 4-moddasiga ko‘ra, agar tomonlardan biri bir yoki bir nechta davlatning qurolli hujumi tufayli urush holatiga tushib qolsa, ikkinchi tomon BMT Nizomining 51-moddasiga hamda KXDR va Rossiya qonunlariga muvofiq barcha imkoniyatlari bilan unga harbiy yordam ko‘rsatadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi huzuridagi Dezinformatsiyaga qarshi kurash markazi rahbari Andrey Kovalenko Rossiya Federatsiyasi Ukrainaga qarshi urushga jalb etishi mumkin bo‘lgan Shimoliy Koreyadan borgan askarlar Ukraina Qurolli kuchlarining nishoniga aylanganini ma’lum qilgan edi.
LiveBarchasi