Rossiya rus diplomatlarini quvgan Fransiyaga javob qaytarmoqchi
Olam
−
12 aprel 2022
13037Rossiyaning Fransiyadagi elchixonasi mamlakat hukumatining olti nafar rossiyalik diplomatni chiqarib yuborish haqidagi qarorini tasdiqladi va yaqin orada mutanosib javob berilishi haqida ogohlantirdi. Bu haqda jurnalistlarga elchixona Matbuot xizmati rahbari Aleksandr Makogonov aytgan.
"Joriy yilning 11 aprel kuni elchi-maslahatchi Fransiya Tashqi ishlar vazirligiga chaqirilib, unga elchixonaning olti xodimini chiqarib yuborish haqida xabar berilgan. Fransiya rasmiylarining nodo‘stona harakati munosabati bilan Rossiya tomoni ham keskin norozilik bildirgan", deydi u.
Qayd etilishicha, kecha, 11 aprel kuni esa Fransiya Tashqi ishlar vazirligi olti nafar rossiyalik diplomatni "persona non-grata" (istalmagan shaxs) deb e’lon qilgan. Vazirlik “quvilgan xodimlar Fransiyaning xavfsizlik manfaatlariga zid faoliyat bilan shug‘ullanganini” ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 4 aprel kuni Fransiya hukumati 30 ga yaqin rossiyalik diplomatni mamlakatdan chiqarib yuborishga qaror qilgandi. Shu bilan birga, AFP agentligi respublika Tashqi ishlar vazirligidagi manbaga tayanib, Fransiya rossiyalik 35 nafar diplomatni haydashini ma’lum qilgandi.
LiveBarchasi