Rossiya Putin boshchiligida yadroviy triadasini ko‘z-ko‘z qiladi
Olam
−
18 fevral 2022
16367Ertaga, 19 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin boshchiligida mamlakatda yadro triadasi kuchlari ishtirokida rejali o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkaziladi. Bu haqda Mudofaa vazirligi xabar qilgan.
“19 fevral kuni Rossiya Qurolli Kuchlari Oliy Bosh Qo‘mondoni Vladimir Vladimirovich Putin boshchiligida strategik to‘xtatuvchi kuchlarning rejali mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tadi, uning doirasida ballistik va qanotli raketalar uchiriladi”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, mashg‘ulotda Aerokosmik kuchlar, Janubiy harbiy okrug, strategik raketa qo‘shinlari, Shimoliy va Qora dengiz flotlari ishtirok etadi.
“Strategik to‘xtatuvchi kuchlarning mashg‘ulotlari avvaliga harbiy qo‘mondonlik, boshqaruv organlari, jangovar ekipajlar, harbiy kemalar ekipajlari va strategik raketa tashuvchilarning belgilangan vazifalarni bajarishga tayyorligini, shuningdek, strategik yadro va yadrosiz qurollarining ishonchliligini tekshirish rejalashtirilgan edi”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot o‘rnida, yadro triadasiga strategik aviatsiya, qit’alararo ballistik raketalar va suv osti raketa tashuvchilar kiradi.
So‘nggi paytlarda G‘arb mamlakatlarida, shuningdek, Kiyevda Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi mumkinligi haqida bayonotlar paydo bo‘ldi. Rossiya Federatsiyasi Prezidentining Matbuot kotibi Dmitriy Peskov bunday ma’lumotni bo‘sh va asossiz deb atadi. Uning ta’kidlashicha, Rossiya hech kimga tahdid solmaydi. Shu bilan birga, Peskov bu kabi bayonotlarni oqlash uchun provokatsiyalar bo‘lishi mumkinligini inkor etmadi va Ukrainaning janubi-sharqidagi inqirozni kuch ishlatish bilan hal qilishga urinish eng og‘ir oqibatlarga olib kelishidan ogohlantirdi.
Yanvar oyi oxirida axborot maydonida “Rossiya bosqinining ehtimoli borligi” haqidagi xabarlar paydo bo‘la boshlaganidan keyin Ukraina iqtisodiyoti ancha zarar ko‘rdi.
LiveBarchasi