Rossiya ozar-arman chegarasidagi to‘qnashuv borasida tilga kirdi

Olam

image

Rossiya Armaniston va Ozarbayjonni mojaroning yanada keskinlashuvidan tiyilish va Rossiya, Ozarbayjon va Armaniston rahbarlarining 2020 yil noyabr oyidagi bayonotlariga muvofiq o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga rioya qilishga chaqirdi. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi bayonotida keltirilgan.

“Biz tomonlardan vaziyatni yanada keskinlashtirmaslikni, vazminlikni so‘raymiz. Shuningdek, Rossiya, Ozarbayjon va Armaniston yetakchilarining 2020 yil 9 noyabr, 2021 yil 11 yanvar va 26 noyabrdagi uch tomonlama bayonotlariga muvofiq o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga qat’iy rioya qilishga chaqiramiz”, deyiladi bayonotda.

Bundan tashqari, departament rasmiy Moskva 13 sentyabrga o‘tar kechasi Armaniston-Ozarbayjon chegarasining ayrim hududlarida vaziyat keskinlashganidan o‘ta xavotirda ekanini ta’kidlagan.

Shu bilan birga, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi chegaradagi vaziyat keskinlashuvi munosabati bilan Armanistondan kelishuv bo‘yicha murojaat kelib tushganini tasdiqlagan.

“Biz Baku va Yerevan bilan yaqin aloqadamiz. Biz Armaniston rahbariyatidan vaziyatni mavjud ikki tomonlama kelishuvlarga muvofiq va KXSHT orqali hal qilishda yordam berish so‘ralgan murojaatni oldik. Natijada kelishuvga erishilganiga umid qilamiz. Shu yilning 13 sentyabr kuni Moskva vaqti bilan soat 9:00 dan boshlab Rossiyaning o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha vositachiligi to‘liq hajmda amalga oshiriladi”, deyiladi departament bayonotida.

Shuningdek, bayonotda Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi barcha nizolar faqat siyosiy va diplomatik yo‘llar bilan hal etilishi lozimligi qayd etib o‘tilgan.

Eslatib o‘tamiz, 13 sentyabrga o‘tar kechasi Armaniston Qurolli Kuchlari bo‘linmalari Ozarbayjon-Armaniston davlat chegarasining Dashkesan, Kalbajar va Lochin yo‘nalishlarida keng ko‘lamli provokatsiyani amalga oshirgan edi.

Armaniston va Ozarbayjon chegarasida janglar 13 sentyabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 00:05 da boshlandi. Baku Yerevanni provokatsiyalarda aybladi va shuning ortidan to‘qnashuv yuz berganini ma’lum qildi.

Rasmiy Bakuga ko‘ra, 12 sentyabrga o‘tar kechasi Armaniston Qurolli Kuchlari bo‘linmalari Ozarbayjon-Armaniston davlat chegarasining Dashkesan, Kalbajar va Lochin yo‘nalishlarida keng ko‘lamli provokatsiya sodir etgan.

Qorabog‘ urushi

Ozarbayjon va Armaniston 2020 yil aynan Qorabog‘ hududi masalasida o‘zaro hisob-kitob qilib oldi. Ikkinchi Qorabog‘ urushi yoki “Vatan muhorabasi” nomi bilan tarixga kirgan harbiy to‘qnashuvlar 2020 yilning 27 sentyabr kuni boshlanib, 44 kun davom etdi. 2020 yilning 9 noyabridan 10 noyabrga o‘tar kechasi “Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish haqida”gi bayonot imzolandi. Urush yakunlariga ko‘ra, Turkiya qo‘llovidagi Ozarbayjon g‘alaba qildi. Rossiyaning yordamiga umid qilgan Armaniston esa mag‘lubiyatga yuz tutdi. 

Harbiy salohiyati bo‘yicha dunyoda 11-o‘rinda turuvchi Turkiya Qorabog‘ urushida faol tarzda Ozarbayjonni ham ruhiy, ham siyosiy, ham harbiy jihatdan qo‘lladi. Aslida, Turkiya Birinchi Qorabog‘ urushidan beri Ozarbayjonni qo‘llab keladi. 2010 yilda ikki davlat harbiy hamkorlik borasida strategik sheriklikka erishgach, ushbu qo‘llov amaliy ko‘rinish kasb eta boshladi. Shundan so‘ng, Turkiya Ozarbayjon Qurolli Kuchlari uchun zobitlar tayyorlab, ushbu davlatga qurol eksport qilish bo‘yicha Rossiya va Isroildan so‘ng uchinchi o‘ringa chiqdi. Ayniqsa, o‘tgan 2020 yilda qurol eksporti 6 barobarga ortib ketdi. Tog‘li Qorabog‘dagi to‘qnashuvlar oldidan esa bu ikki davlat o‘zaro harbiy dala o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazdi. Mashg‘ulotlar yakunida Turkiya Ozarbayjonda 2 ta F-16 qiruvchi samolyotini ham qoldirgani aytiladi. Turkiyada ishlab chiqarilgan “Bayraktar” uchuvchisiz harbiy apparatlarining ham Ozarbayjon g‘alabasini ta’minlashdagi o‘rni yuqori bo‘ldi.

44 kunlik urush yakunlariga ko‘ra, Ozarbayjon armiyasi mamlakatning 5 shahri, 4 ta posyolka va 286 ta qishlog‘ini arman bosqinchilaridan ozod qildi. Ozarbayjon Qurolli Kuchlarining 2, 9 mingdan ortiq harbiy xizmatchisi o‘z ona yurtlarini ozod qilish uchun kurashda halok bo‘ldi.

Farangiz Salimova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

38

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing