Rossiya Odessaga dron hujumi uyushtirdi. Qurbonlar bor

Olam

image

Bugun, 1 mayga o‘tar kechasi Rossiya armiyasi Odessa shahriga dronlar bilan ommaviy hujum qildi. Oqibatda kamida ikki kishi halok bo‘ldi, yana 15 kishi yaralandi. Bu haqda Ukraina Favqulodda vaziyatlar davlat xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, halok bo‘lganlardan biri “Ukraina temiryo‘llari” xodimi bo‘lgan. Kompaniya matbuot xizmati xabariga ko‘ra, erkak dron hujumi oqibatida o‘z uyida vafot etgan. Bundan tashqari, tungi hujum oqibatida temiryo‘l uchastkalaridan birida yo‘l tarmog‘i, aloqa tarmog‘i va uchta yuk vagoni shikastlangan.

Rossiya dronlari bir nechta ko‘p qavatli turarjoy binolari, xususiy uylar, supermarket, maktab va yengil avtomobillarni shikastlagan. Qutqaruvchilar hujumga uchragan ko‘p qavatli binodan 200 nafardan ortiq aholining evakuatsiyasini amalga oshirgan. Shaharning ayrim tumanlarida yong‘inlar yuzaga kelgan.

Kiyev viloyati ham hujumlarga uchragan. Favqulodda vaziyatlar davlat xizmati xabariga ko‘ra, tungi vaqtda Rossiya uchuvchisiz uchish uchoqlari parchalarining qulashi oqibatida xususiy uy va uning yaqinidagi xo‘jalik inshootida yong‘in chiqqan. Yong‘in o‘chirilgan, jabrlanganlar kuzatilmagan.

Ma’lumot uchun, Rossiya 21 va 23 aprel kunlari ham Odessaga hujum qilgan edi. O‘shanda dronlar shaharning chekkasidagi fuqarolik infratuzilmasini nishonga olib, ikki kishini yaralagan. 26 aprelga o‘tar kechasi bo‘lgan navbatdagi hujumda 30 ta drondan biri shaharning gavjum hududidagi turar joy massiviga tushib, ko‘plab xonadonlarga zarar yetkazgan va uch kishi tan jarohati olgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Ukraina poytaxti Kiyev shahriga hujum uyushtirgandi. Oqibatda 9 kishi halok bo‘lgan, 60 dan ortiq kishi turli darajadagi tan jarohatlari olgan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Odessa dron hujumi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing